Nissadagi terrorchini motosikli bilan to`xtatishga uringan fransuzga yangi motosikl sovg`a qilish uchun pul yig`ildi

16:27, 26 iyul

Fransiyaning Nissa shahrida sodir etilgan terakt kuni terrorchining mashinasini  motosikli yordamida to`xtatmoqchi bo`lgan Frank ismli erkakka yangi motosikl sotib olish uchun 21 ming evro pul yig`ildi, deb xabar berdi “Tjournal.ru” nashri. 

“Qahramon uchun motosikl” aksiyasi Mansh departamentida yashovchi ikki fuqaro tomonidan e`lon qilindi. Ular Leetchi sayti orqali motosikl olish uchun 9 ming evro yig`moqchi bo`lishgan, ammo pul berishni istovchilarning soni tobora ortib borgan.

Ular saytda Frank motosikli uchun sug`urta puli ololmasligini, chunki uning o`zi transport vositasini yuk mashinasini to`xtatish uchun g`ildirak tagiga tashlaganini ta`kidlashgan. 

Terakt sodir bo`lgan tunda Frank odamlarni bosib ketayotgan yuk mashinasini to`xtatish, terrorchining harakatlariga qarshilik ko`rsatish maqsadida motosiklini g`ildirak tagiga tashlab, o`zi mashinaning ochiq oynasi orqali terrorchining yuziga musht tushirishga uringan. Birozdan so`ng polisiya terrorchini otib o`ldirgan.

OAVlar o`sha kuni Frankni halok bo`ldi, deb noto`g`ri xabar tarqatgan.

Frankning motosikli uchun to`plangan pullar teraktda yaralangan, hozirda Nissa kasalxonasida davolanayotgan yaradorlarning hisobiga o`tkaziladigan bo`ldi. Nissa shahar meri Frankni ko`rsatgan qahramonligi uchun shaharning “Jasurligi uchun” medali bilan taqdirladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!