O`zini qurbon qilishga moyil ayolga xos 5 xususiyat

16:55, 27 iyul

Zo`ravonlikda biz doimo jinoyatchini ayblaymiz, bunday vaziyatda jabrlanuvchiga hech qanday ayb qo`yilmaydi, deydi “Lady.mail.ru” nashri.

Baxtga qarshi, buni aksariyat insonlar yaxshi bilib olgan. Ammo ba`zi bir ayollarda shunday xususiyat mavjudki, bu narsa ularni yana “qurbon” rolini o`ynashga majbur qiladi, turmush o`rtog`i esa zolim qahramon obrazida namoyon bo`ladi. Psixologlar bunday xislatlarni qanday aniqlash va ulardan qutulish yo`llari haqida sizga maslahat beradi. 

Jahlni ko`rsatish taqiqlanadi

Qahr-g`azab, jahl, zarda, nafrat har doim ham uni uyg`otgan odamga nisbatan ochiq ko`rsatilmaydi, bunga tarbiya yo`l qo`ymaydi. Afsuski axloq-odob qoidalarida ayollar har qanday vaziyatda ham hissiyotlarini nazorat qilishlari, muloyimlik bilan javob qaytarishlari lozimligi ko`rsatilgan. Qahr-g`azabga jahl bilan javob beradigan ayolga darrov “shalaqqi” degan tamg`a bosiladi.

Qiz bola tarbiyalayotgan ota-onalar qiziga baqirib, qattiq gapirishi mumkin, ammo undan jahl qilmaslikni, his-tuyg`ularini ochiq ko`rsatmaslikni, odob bilan javob qaytarishni talab qilishadi.

Muammoning echimi: Jahlingizni chiqargan odamga, albatta baqirib, idish-tovoqni sindirib emas, balki axloq-odob qoidalari talablaridan kelib chiqib, javob qaytarishga harakat qiling. Sizni g`azablantirgan odamga qanchalik og`ir-bosiqlik bilan javob qaytarsangiz, bu baqirgandan ko`ra og`irroq ta`sir qiladi.

O`ziga ishonmaslik

Biror yangi ishga qo`l urganda “to`g`ri qildimmi yoki yo`qmi”, yangi ko`ylakni kiyib ko`rayotganda, “bu ko`ylak meni semiz ko`rsatmasmikan?” kabi turli-tuman savollar iskanjasidagi ikkilanishlar oqibatida odam doimo kimningdir maslahatiga, ustozlik qilishiga muhtoj bo`ladi. Bunday odamlar tezda “ustoz”ning qurboniga aylanishadi.

Inson avvalo o`z intuisiyasiga ishonishi lozim. Ba`zida zo`ravon erkaklarning tashqi qiyofasi hech qachon bosim o`tkazadigan, zo`ravonlik qiladigan odamga o`xshamaydi. Ayol ichki sezgisi bilan erkakning qanday odam ekanligini anglashi kerak.

Muammoning echimi: Intuisiyangizni rivojlantiring, “to`g`rimi, noto`g`rimi?” degan ikkilanishlarga barham bering.

Beqaror va omonat chegaralar

Ba`zi bir ayollar o`z hududi qaerda tugab, begonaning hududi qaerdan boshlanishini unutib qo`yadilar. Ularning chegarasi omonat bo`lganidan boshqalarning o`z hududiga bemalol bostirib kirishiga, vaqtidan, pulidan, buyumlaridan foydalanishiga imkoniyat yaratib beradilar. Bunday “omonat chegarali” odamlar ko`p hollarda ishxonaning “qurbon”ga aylanadilar. Ular boshliqning har bir so`zini qonunday qabul qilishadi. Rahbarlar qo`l ostidagi xodimlarga faqat shunday qattiqqo`llik bilan munosabatda bo`lishlari lozim deb hisoblashadi.

Muammoning echimi: Shunday chegara quringki, uning eshiklari faqat sizning xohishingiz bilan ochilib yopilsin. O`zingizga va begonaga tegishli buyumlarni ajratishni o`rganing. Ish vaqti soat 9.00 dan 18.00 gacha ekanligini unutmang. Soat 18.00 dan keyingi vaqt faqatgina o`zingizga tegishli ekanligini unutmang, xohlasangiz telefoningizni ham o`chirib qo`ying. Sizga tazyiq o`tkazishga hech kimning haqqi yo`qligini tushuning. Chegarangizni mustahkamlagandan keyin begonaning chegarasidan ruxsatsiz o`tmaslikka ham o`rganing.

Ruhan ezilib, azob chekkan holda sabr qilish odati

Ayollar boshidan o`tkazgan qiyinchiliklar, azoblar haqida gapirishni juda xush ko`rishadi. Eri kaltaklagan bo`lsa ham, uyida egulik qolmagan bo`lsa ham hammasiga chidaganini maroq bilan gapirishadi. Vaziyatdan chiqib ketish, muammoni hal etish insonning qo`lidan kelsa-yu, ammo taqdirga tan berib, o`zini qurbon qilish, boshga tushgan azoblarga chidab o`tirish to`g`ri emas.

Muammoning echimi: Chekkan azoblarimning hali rohatini ko`raman, deb hamma narsani taqdir hukmiga havola etmaslik lozim. Inson hayoti uchun o`zi qayg`urishi lozim. Har qanday sharoitda ham vaziyatdan chiqish yo`llarini qidirishi lozim.

Tashabbus ko`rsatishni taqiqlash

Ba`zi bir ayollar tashabbus faqatgina erkakdan chiqishini, uning xohish-istaklarini boshqa odam ro`yobga chiqarishini kutishadi. Ko`p hollarda ular yo`ldan ozdiruvchi insonning qurboniga aylanishadi. Ular yolg`onchi va zo`ravon odam bilan o`zlarini yaxshi his qilishadi. Oddiy, sog`lom erkak siz bilan ellikka ellik harakat qilsa, zo`ravonlar esa tashabbusni o`z qo`llariga olishga harakat qilishadi. Ular ayollarga yoqish uchun bu ishlarni amalga oshirishmaydi, balki zo`ravon bo`lgandan hamma narsani o`zlari nazorat qilishni, o`z qonun-qoidalariga bo`ysundirishni istashadi.

Muammoning echimi: Tashabbus ko`rsatishga harakat qiling. Har doim ham erkakning ilk qadam tashlashini, tashabbus ko`rsatishini kutib o`tirmang.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!