Chorvoq plyajlari tartibga keltirildi(Foto)

11:47, 01 avgust

Bir qancha muddat davomida yopib qo`yilgan Toshkent viloyati Chorvoq sum omboridagi plyajlar yana o`z faoliyatini boshladi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda

Ko`p yillar davomida oddiy talablarga ham javob bermasligi bois tanqidlar ostida qolib kelayotgan plyajlar nihoyat xavfsiz cho`milish va dam olish mumkin bo`lgan maskanga aylandi.

Xususan, eng gavjum plyajlardan biri — “Yusufxona” hududi chiqindilardan tozalanib, suvda chegaralovchi to`siqlar paydo bo`ldi, katamaran va katerlar turargohi alohida ajratildi. Uncha katta bo`lmagan kuzatish minorasi bunyod etildi.

Plyaj hududiga avtomobillarning kirishi taqiqlandi — avtoturargohdan plyajga qadar piyoda borish kerak.

Sohil yoqalab soyabonlar o`rnatilib, kerak vaqti ularni shezlonglar (engil kreslo turi) bilan birga ijaraga olish mumkin. Yopiq so`rilar o`rniga stol va ko`rpalari bo`lgan chodirlar o`rnatildi.

“Chorvoq oromgohi” dam olish zonasi plyajida ham cho`miluvchilar va qayiqlar — katamaran va katerlar uchun hududlar alohida qilib ajratildi

Qayd etish joizki, shu vaqtga qadar Chorvoqdagi aksariyat plyajlar mavjud me`yor va talablarga javob bermas edi.

May oyi so`ngida O`zbekiston Vazirlar Mahkamasi plyajlardan foydalanish bo`yicha talablarni tasdiqladi. Qayta jihozlangan plyajlar mazkur talablarga to`laqonli javob beradi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!