"Uyim doim toza tursin", desangiz...

15:06, 01 avgust

Uyda tartib-intizom, ozodalikni saqlash har bir ayolga xos bo`lgan fazilatdir, deydi “Interesno.cc”  nashri.

Xonadoningizdan taralayotgan yoqimli hidlar orqali oila a`zolaringiz o`rtasidagi munosabatlar yo`lga qo`yiladi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Chunki bu narsa uyda maza qilib dam olish, oila a`zolaringizning o`zini baxtli his qilishi imkonini beradi.

Agar e`tibor bergan bo`lsangiz, uy ozoda, hamma joy yig`ishtirilgan bo`lsa, o`zingizni xotirjam his qilasiz, ichki barqarorlikka erishasiz. Buning uchun uyingizning qaerda joylashganining ahamiyati yo`q, balki yotoqxonaning bir xonasi sizga tegishlidir, balki keng va yorug`, balki torroq uyda yasharsiz. Qaerda yashashingizdan qat`i nazar, tozalikka e`tibor berishingiz talab etiladi.   

Uyni birdan tartibga keltiraman, deb charchab qolmang, har kuni oz-ozdan, yaxshi kayfiyat bilan uy yumushlariga urinsangiz, bu samarali natija beradi.

Uyda ham, hayotingizda ham tartib o`rnatmoqchi bo`lsangiz, avvalo keraksiz buyumlardan voz kechishingizga to`g`ri keladi. Ortiqcha buyumlarni yig`ishtirib bo`lmaydi, ularni faqatgina uloqtirish lozim. Keraksiz buyumlarni uyda saqlash odatidan voz keching. Agar ularni tashlab yuborishga ko`zingiz qiymasa, tanishlaringizga, do`stlaringizga, mehribonlik uylariga tarqating. Shunday qilsangiz, keraksiz buyumlar, kiyim-kechaklar ham ikkinchi hayotini boshlaydi, undan foydalanmoqchi bo`lgan odamlarga quvonch bag`ishlaydi. Kimgadir ozgina bo`lsa ham yordam bera olganingizdan o`zingiz ham xursand bo`lasiz.

Shkafingizda o`zingizga yoqqan, faqatgina kiyib yurgan kiyimlaringizni qoldiring, qolganini esa sevimli dugonalaringizga bering. Ularni berayotganda ko`nglingiz og`rimasin, har doim ketgan buyumning, kiyim-kechakning o`rniga yangisi kelishini unutmang. 

Uydagi to`kin-sochinlik degan poldan shiftgacha taxlanib yotgan narsalar tushunilmaydi. Buyumlarning ko`pligi emas, sizga yoqadigani, ko`rganda ko`zingiz quvonadigani sizga xushkayfiyat bag`ishlaydi. Buyum sotib olayotganda “qimmatbaho narsa sotib olishga qurbimiz etmaydi” iborasini unuting. Qimmatroq bo`lsa ham, oilangizga, o`zingizga uzoq vaqt xizmat qiladigan, qo`lga olganda qalbingizga quvonch bag`ishlaydigan narsalarni xarid qiling. U albatta, o`zini oqlaydi. Ayniqsa, kir va idish yuvish vositalarini sotib olayotganda televizorda reklama qilinayotganlarini emas, balki sog`ligingizga zarari bo`lmaganini, yoqimli iforga egalarini olishga harakat qiling. Bunday vositalarni ishlatganingizdan keyin uyingiz yoqimli iforlarga to`ladi.

Hamma vaqt ham uyda ideal tarzda tartib o`rnatib bo`lmaydi. Bunday tartib faqat muzeylardagina bo`ladi. Oila a`zolaringizdan buni talab qiladigan bo`lsangiz, ularni ham o`zingizni ham qiynab qo`yasiz.

Kundalik uy tozalash uchun har bir 1 soat vaqtingizning 15 daqiqasini ajrating. Bu uyingizni orasta saqlashingiz uchun etadigan muddatdir.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!