O`zbekiston olimpiyachilari Braziliyaga uchib ketdi (foto)

12:08, 02 avgust

O`zbekiston sport delegasiyasi XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida ishtirok etish uchun 1 avgust kuni Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahriga jo`nab ketdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.

Sportchilarni O`zbekiston milliy olimpiya qo`mitasi raisi Mirabror Usmonov, «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi bosh direktori Valeriy Tyan, sport jamoatchiligi vakillari, sportchilarning ota-onalari va jurnalistlar kuzatib qoldi.

Dzyudo bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zolari Soib Qurbonov va Gulnoza Matniyozova, og`ir atletika bo`yicha O`zbekiston terma jamoasi a`zosi Ivan Efremov sportchilar nomidan so`zga chiqib, sportni riovjlantirish, sportchilarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e`tibor va g`amxo`rlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o`tadigan bu galgi Olimpiya o`yinlarida O`zbekiston sportchilari akademik eshkak eshish, badiiy gimnastika, baydarka va kanoeda eshkak eshish, boks, dzyudo, engil atletika, og`ir atletika, sport gimnastikasi, stol tennisi, suzish, taekvondo (WTF), tennis, trampolin, o`q otish, erkin va yunon-rum kurashi kabi qator sport turlari bo`yicha bahslashadi.

O`zbekiston sport delegasiyasi Rio-de-Janeyro shahriga «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasining maxsus samolyotida jo`nab ketdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!