O`zbekistonda ona suti bilan boqish haftaligi o`tkazilmoqda

16:14, 02 avgust

170 dan ziyod mamlakatlar qatori O`zbekistonda ham 1−7 avgust kunlari Jahon ko`krak suti bilan boqish haftaligi o`tkazilmoqda. Mazkur haftalik har yili butun dunyoda ko`krak suti bilan boqish va bolalar salomatligini yaxshilash masalalarini targ`ib qilish maqsadida o`tkaziladi.  Bu haqda “Gazeta.uz” xabar bermoqda.

2016 yilgi haftalik mavzusi “Ko`krak suti bilan boqish — barqaror taraqqiyot kaliti” bo`ldi, deya xabar qilindi YuNISEFning Toshkentdagi vakolatxonasidan.

Sog`liqni saqlash vazirligining ma`lumotlariga ko`ra, O`zbekistonda 2015 yilda faqat ko`krak suti bilan boqishning o`rtacha darajasi 54,4 foizni tashkil qilgan. Bu masalada eng yuqori ko`rsatkichlar Buxoro viloyati va Qoraqalpog`iston Respublikasida qayd etilgan (60 foizdan yuqori). Mamlakatda onalar tug`ruqxonalardan chiqayotgan davrda faqat ko`krak suti bilan boqish amaliyoti darajasi 90 foizdan ortiqni tashkil qiladi. Biroq keyingi oylarga borib ushbu ko`rsatkich kamayib boradi.

“2 yoshga to`lgunicha ko`krak suti bilan boqiladigan bolalar qisqa muddat emizib boqilgan yoki sun`iy mahsulotlar bilan oziqlantirilgan bolalarga nisbatan kasallanish va o`lim holatlari bo`yicha ancha past ko`rsatkichlarga ega”, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori professor Dilorom Ahmedova.

Haftalik davomida ota-onalar uchun brifing va maslahatlar o`tkazish, onalarni o`zaro qo`llab-quvvatlash guruhlari uchrashuvlarida muhokamalar uyushtirish kabi tadbirlar o`tkazilmoqda.

Toshkent viloyati Chirchiq shahridagi viloyat perinatal markazi hamda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherilik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Namangan filiali bolaga nisbatan do`stona tibbiyot muassasasi sertifikatiga ega bo`ladi. Ayni paytda YuNISEFning Bolaga nisbatan do`stona shifoxonalar tashabbusiga O`zbekistondagi 96 ta sog`liqni saqlash muassasasi qo`llab-quvvatlab kelmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!