Toshkentda avtobuslar harakatini kuzatuvchi TashBus ilovasi ishga tushirildi

10:29, 04 avgust

“Toshshahartransxizmat” kompaniyasi Toshkentdagi avtobuslar harakatini kuzatishga imkon beruvchi TashBus (Android) mobil ilovasi test rejimida ishga tushirilganini ma`lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”

Ilova yordamida foydalanuvchi belgilangan yo`nalishdagi avtobum harakatini kuzatishi, uning kerakli bekatga kelish vaqtini bilishi, davlat raqami, harakat tezligi va avtobekatgacha bo`lgan masofani aniqlashi mumkin.

Bekatlar katalogi qaysi yo`nalishlar belgilangan bekat orqali o`tishni aniqlashga imkon beradi. Qidiruv funksiyasi orqali avtobuslarni raqami, bekatlarni esa nomi bo`yicha topishga sharoit tug`diradi. Yo`nalishni tezkor topish uchun uni tanlanganlar ro`yxatiga kiritib qo`yish kifoya qiladi.

“Toshshahartransxizmat”ning Grand Technology System kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqqan ilovasi poytaxt avtobus yo`nalishlarining barchasini qamrab olgan. Yaqin vaqtlar ichida ilovaning iOS talqini ham ishga tushiriladi. Bundan tashqari, dasturchilar rejasida www.tashbus.uz saytida uning veb-ko`rinishini ishlab chiqish ham joy olgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!