“O`z aybim bilan ikki bora talaba bo`ldim...”

15:27, 04 avgust

Maktublar... Goh darddan, ba`zan quvonchdan, ayrim paytlar g`alat kechmishlardan so`zlaydi. Qalbimizga iliqlik, iftixor, hatto faxr tuyg`usini ham beradi ular. Chunki har biri qaysidir maqolaning aksi, qaysidir sahifaning sadosi. Ushbu xatni qo`limizga olganimizda ham uni yo`llagan muxlisimiz Sanjar G`iyosovdan minnatdor bo`ldik. Chunki ko`pchilik uchun saboq bo`lgulik voqeani yozib yuboribdi... 

Dunyo sizga turli tuhfalar tayyorlaydi. Bir kun baxtingizni tortqilab olib qo`ysa, ertasiga kutilmagan omad bilan dovdiratishi ham mumkin. Lekin hech narsa beiz ketmaydi. Nimaningdir ortidan nimadir topasiz yo yo`qotasiz. Men sizga so`zlab bermoqchi bo`lganlarimga ham naq o`n yilcha bo`ldi. Shu damgacha yuragimda saqlaganman. Endi negadir aytgim keldi...

Men sizga aytsam, o`qishga kirish uchun naq uch yil harakat qilganman. Ota-onam ajrashib ketganligi bois, oilasiz kemtik, har tomonlama ko`makka muhtoj edi. 

Onam bechora har kuni biz bolalarining rizqini topish uchun kurashardi. Maktabni bitirgach, men qanotiga kirishga oshiqdim. Lekin onam unamadi.

—  Sen ishongan tog`im, suyanchimsan, — dedi onam katta umid bilan. — Kelajakda bor og`irimni engil qilishingga, ukalaringga ham, menga najot yo`li bo`lishingga ishonaman. Shuncha qiynaldim, mayli, yana to`rt-besh yil qiynalsam, qiynalarman. O`tmaydigan kun bor ekanmi, o`tadi-ketadi. Sen pul topishga urinma, yaxshisi, tayyorlan, o`qishga kir. Sening ham, mening ham yuzimni yorug` qiladigan, kelajagingni yoritadigan birdan bir narsa o`qish.

Men o`zimcha vaqtni chamaladim. Tayyorlaman, deb kitob quchoqlab yotsam naq etti uyda yotarkanman. Keyin o`qisha kira olsam xo`p-xo`p, kira olmasam-chi? Yana bir yil onamga dardisar bo`lamanmi? 

E`tiroz bildirmoqchi bo`ldim. 

Yo`q! Onam unamadi. U kishini faqat mening o`qishim xursand qilishini aytib, og`iz ochgani ham qo`ymadi. 

Noiloj men o`qishga mustaqil tayyorlana boshladim. Har kuni qiynalib onamning bozordan pul topib kelayotganini ko`rsam, juda qattiq o`qishim lozim ekanligini ikki karra his qilardim. O`qishdan “yiqilish” haqida o`ylasam esa, dahshatga tushardim. Bu xayollar yuragimga qo`rquv solib, mukkadan ketib o`qishga undardi. 

Ishonsangiz, uydan bir qadam jilmay, kitobdan bosh ko`tarmay yashay boshladim. Nihoyat, biz kutgan kunlar ham keldi. O`rtoqlarim bilan hujjat topshirgani bordik.

—  “X variant” chiqib ketarkan. O`qiganing bir pul. Kim o`shani sotib olsa, o`ttiz oltitadan urib chiqsa, yuribsan-da, eng kam bal to`plagan qatoridan joy olib, — dedi bir sinfdoshim.

—  E-e-e, yo`llari ko`p. Bizga o`xshaganlar qolib ketadimi, deb qo`rqaman... — dedi boshqasi. 

Mening yuragimda hadik paydo bo`ldi. 

“Agar yiqilsam, nima qilaman? Onamga nima deyman? Yana bir yil kitob quchoqlab yotamanmi, uyda?” — deyman vahimaga tushib. 

Shundanmi, qidirib-qidirib fakultetlar orasida eng past mavqedagisini topdik. Hujjat topshiruvchilar ham kam ekan. Nima bo`pti? Onam farqlab o`tiribdimi? O`qishga kirdingmi, kirding! Zo`r-ku, agar kirib ketsam...

Biroz taskin topgandek bo`lib, hujjatlarimni topshirdim. 

“Bu erga topshirganlarning hammasi menga o`xshab, tavakkal qilayotganlar bo`lsa, albatta o`qishga kiraman...” — o`zimni ovutaman. 

Nihoyat imtihon kuni ham keldi. Hayajon bilan kirdim. Berilgan test variantlariga ko`zimni yugurtiraman. Hammasi tanish jumla va savollardek tuyuladi. Lekin negadir javobini bilmayman. Shu tikilaman, qani to`g`ri javobni topa olsam? Qayoqqa ketdi shuncha o`qiganlarim?

Amal-taqal qilib bo`yab chiqdim. Ko`nglim ham o`sha bo`yalgan joy kabi siyoh. Dilim so`niq. Dilgir va tang ahvolda edim. Shunday bo`lsa-da, nimagadir umid qilaman. 

—  Mening bolam talaba bo`ladi! — hozirdan g`ururlanadi onam. 

Men erga kirgudek bo`laman. Ichimda nega muncha g`ulg`ula borligini o`zim ham tushunmayman. Har kuni ko`rgan tushlarimni tahlil qilgim keladi. 

“Qani edi tushimda toqqa chiqsam, qani edi qandaydir qush tutib olsam...”

Buvimning bolaligimda aytib bergan tush ta`birlariga negadir juda ishonaman. Aytishlaricha, tushingda baland joyga chiqsang, martabang ulug` bo`larmish. Yoki bo`lmasa biror nima tutib olsang, omad emish.

Men esa tushimda nuqul onamning yonida bo`laman. Goh kimgadir nimadir sotayotgan bo`lsam, ba`zida sota olmay hunob bo`layotgan bo`laman. Lekin hech toqqa chiqmadim, hech qush ovlamadim.

Buvim haq ekan. Tushimda tog` va qush nasib qilmagani kabi o`qishga kirish ham taqdir qilmadi. 

Men-ku mayli, bu xabarni eshitganida onam mendan o`n, yuz emas, ming chandon ko`proq g`amga botdi. Men juda ezildim. 

Lekin onam mendan ko`ra kuchliroq, irodalik ekan. Darhol o`zini qo`lga oldi:

—  Demak,mkam o`qibsan! Qani kir xonangga!

Men yana bir yil o`qishga mahkum bo`ldim. O`qiganim sari iltijo ham qilardim, Allohga: “Ey, Xudo shu yili nima yuo`lsayam kiray, yo`limni ber...”

Yotib olib o`qidim. Afsus, yana talaba bo`lish nasib qilmadi. 

—  Oyi, o`qishga kirish pullik ekan! Men biribir kira olmayman. Yaxshisi, sizga yordam beraman. Pul topaman! Shundan foyda! — dedim yig`lagudan beri bo`lib. 

Onam yana so`zida turdi: “O`qiysan, dedimmi, o`qiysan!”

Men yana uydan chiqmay o`qiy boshladim. Duo o`qishni, tilak tilashni ham kanda qilmayman! Boshqa-boshqa kitoblarni ham varaqladim. Maktabda o`tgan hamma mavzuni o`qib, yodlab chiqdim o`ziyam.

Shunchalar jonimni berib o`qidimki, bu yil ham yiqilsam, onam ado bo`lishini yaxshi bilardim. Onamni juda xursand qilgim kelardi. Shukrki, bu galgi imtihonda ko`nglim to`lgandek bo`lib chiqdim. Har qalay echishga qiynalmadim-ku!

“Xudoyim, ishqilib “kontrakt”ga tushib qolmayda”, deya niyat qila boshladim endi. Nihoyat testning javoblari ham chiqdi. Borib, ko`rib kelishga yuragim dov bermaydi. Hamma yugurgilab ko`rib kelgan bo`lsa, men ikki kun uni-buni bahona qilib bora olmay yotdim. Uchinchi kuni tushga yaqin majburlikdan zo`rg`a kiyina boshlaganimda, onam hovliqib yugurib kirib keldi:

—  Qani mening bolam? Mening talaba bolam qani?

Quloqlarimga ishonmadim. Onam sevinganidan yig`lagan, yuragi toshib meni izlardi. Ko`rishi bilan battar yig`lay boshladi. Men qotib qoldim.  Onam esa quchoq ochib, shivirladi: — Talaba bolam kel! Tabriklab qo`yay!

Ishonib-ishonmay onamning yoniga bordim. Bag`riga bosib, o`krab yubordi onam. Men ham yig`ladi. Ukam va singlim ham yig`lashga tushdi.     

—  Byudjetga kiribsan, bolam! Yuraging dov bermayotganini bilib, o`zim borib kela qoldim... — dedi onam bag`ridan qo`ymay.

Garchi ishonmayotgan bo`lsam-da, onamga rahmat aytdim. O`sha zahoti yo`lga otlanib ko`rib keldim. Chin! Chindan-da, men talaba bo`lgan edim. 

Mana, nihoyat baxt qushi ham qo`ndi, boshimga, deya terimga sig`masdim. O`qish ham boshlandi. Onamni xursand qilishni istaganim uchun jonimni berib o`qidim. A`lo baholarga “zachyot”larni topshirib, a`lo bahoga beriladigan eng baland stipendiyani oladigan bo`ldim. Bundan tashqari, tushdan so`ng u er, bu erda ishlab pula ham topa boshladim. Bu onamga yoqmasdi:

—  Sen pulni deb chalg`ima! Yaxshi o`qishing kerak! 

Mening ham shuning payida edim. Lekin pul topgim, onamga yordam bergim ham kelardi-da! Shu ilinjda, bir talabaning gapi bilan yana xuddi abiturientlardek tayyorgarlik ko`ra boshladim. Test sinovlari kuni esa shaytonning gapiga kirib, o`zimga o`xshashib ketadigan bir abiturentning o`rniga test sinovlariga kiradigan bo`ldim. Pulini kelishdik. Agar omadim chopsa, onamning bir yillik daromadini naqd  olaman! Rosa xursand bo`lsa kerak. Shirin xayollar og`ushida test sinovga kirishga tayyorgarlik ko`rdim. Baribir oyog`imda titroq, yuragimda qo`rquv bor edi. Bejizga emaskan. Shundoq eshik oldiga keldim. Tekshiruvchi qo`limdagi hujjat va yuzimga qaradi. Hech bir shubhasiz kiritib yubordi. Qiyqirib yuboray dedim. 

“Beadad shukr! Ana, pul topadigan, onamni hayratga soladigan bo`ldim...”

Shu xayolda bino tomon qadam tashlaganimni bilaman, qarshimdan dekanimiz chiqib qolsa bo`ladimi? Tamom!

A`lo baholarga o`qigan yigit sifatida men barcha domlalarning e`tiboriga tushgan, shu jumladan dekanimiz ham yaxshi tanirdi. U nima qilib yurganimni surishtirdi va qo`limdan etaklab...

Xullas, yalinib-yolvorishlarim evaziga menga jazo — o`qishdan haydalish bo`ldi! Bu eng og`ir jazo edi, men uchun.

O`zimdan o`tganini o`zim bildim. O`qishda yuribman, deb hammani aldadim. Ammo qaytadan tayyorgarlik ko`ra boshladim. “Yiqilishdan” juda qo`rqardim. Bir yilim kuydi. Pushaymon va afsusimning cheki yo`q! Bunga chidab bo`ladimi? Ammo ilojim qancha? O`zim pishirgan osh!

Keyin yana hujjat topshirdim. Avvalgi fakulttetimdan yaxshirog`iga. Test kuni ham jon-jahdim bilan bor bilimimni ishga soldim. Javoblar chiqquncha esa, adoyi tamom bo`ldim. Ming tavbalar qildim, gunohlarimga. Shunchalar chiranibmanki, eng yuqori baldan keyin uchinchi bo`lib o`qishga kiribman. 

“Esiz, hozir ikkinchi kursni bitirgan bo`lardim..” deb qo`yaman kuyinib. Tag`in o`zimni ovutaman: “Shukr qil, mana yana qayta kirding-ku! Kira olmasang nima bo`lardi?”

O`sha-o`sha qing`ir ishlardan qo`limni tiydim. Halollikka, to`g`ri yashashga ahd qildim. Buning barchaga saboq bo`lishini istardim. Qing`ir yo`l hech qachon yaxshilik keltirmaydi...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!