O`zbekistonda 10 avgustdan 2000 ga yaqin maktab yarmarkalari tashkil etiladi

16:07, 05 avgust

5 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi tomonidan Respublika bolalar kutubxonasida maktab bozori va yarmarkalarini tashkil etish bo`yicha brifing tashkil etildi. Brifingda xalq ta`limi vaziri Ulug`bek Inoyatov ishtirok etdi va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Yangi o`quv yili boshlanishi munosabati bilan umumta`lim maktablari o`quvchilarini asosiy turdagi o`quv qurollari, darsliklar, maktab formasi, kiyim-kechaklar va poyabzallar bilan ta`minlash hamda ota-onalar uchun qulaylik yaratish maqsadida joriy yilning 10 avgustidan 10 sentyabrigacha respublikamizda jami 1978 ta maktab yarmarkalari tashkil etiladi.

Maktab yarmarkalarining 967 tasi umumiy urta ta`lim maktablarida ularga 6407 ta maktablar biriktirilgan holda tashkil etilib, ulardan 3 172 483 nafar o`quvchi, 211 ta akademik lisey va kasb- hunar kollejlarida o`tkaziladigan yarmarkalardan 1 279 262 nafar o`quvchi, 307 ta aholi gavjum bo`lgan bozorlarda, 493 ta yirik savdo majmualarida tashkil etiladigan yarmarkalardan 1 498 400 nafar o`quvchilar foydalanadi. Olis va borish qiyin bo`lgan tog`li xamda cho`l hududlarga 98 ta ko`chma avtodo`konlar xizmat ko`rsatadi.

Maktab yarmarkalari faoliyatini uyushqoqlik bilan tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida mahalliy hokimliklarda mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat Ishchi guruhlar tuzilgan.

Maktab yarmarkalarida sotiladigan mahsulotlar narx-navolarining sun`iy ravishda oshib ketishiga yo`l qo`ymaslik hamda ularda to`lov terminallarining uzluksiz ishlashini yo`lga qo`yish maqsadida mahalliy hokimliklar va davlat soliq qo`mitasi tomonidan doimiy nazorat yo`lga qo`yilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!