Bugun Toshkentda yangi istirohat bog`i ochiladi

10:25, 08 avgust

Poytaxtda yangi "Anhor-Lokomotiv" dam olish va istirohat bog`i qurilayotgani haqida xabar bergan edik.

Istirohat bog`ining Facebook`dagi sahifasida ma`lum qilinishicha, bugun, 8 avgust kuni mazkur bog` barcha dam oluvchilar uchun o`z eshiklarini ochadi.

Bog` Toshkent shahridagi Labzak hamda Zulfiyaxonim ("Anhor" kanali) ko`chalari oralig`ida joylashgan.

“Uz24”ning xabar berishicha, mazkur istirohat bog`idan respublikada eng katta hisoblangan kartodrom (maydoni 12 000 kv.m.), filmlar namoyish etiladigan, konsertlar o`tkaziladigan yozgi maydon, maydoni 1 810 kv.m. bo`lgan, katamaran va retro-mashina shaklidagi elektr qayiqlari bo`ladigan sun`iy suv havzasi, 4 ta kinozal, 320 o`rinli restoran, yangi kafe, avtoturargohlar o`rin olgan.

Turli rangda tovlanuvchi ulkan favvora, avtodrom, attraksionlar ham tashrif buyuruvchilar uchun hozirlangan.

Yangi bog`da, shuningdek, O`zbekistonning diqqatga sazovor arxitektura yodgorliklari -  Toshkent teleminorasi, Kalta Minor (Xiva) minori, Sherdor madrasasi (Samarqand), Minorai Kalon (Buxoro), Bobur yodgorlik majmuasi (Andijon), Toshkent kurantlari va Amir Temur davlat muzeyi kabi inshootlarning maketlari ham qurilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!