O`zbekistonda “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi qonunning qabul qilinishi kutilmoqda

12:29, 08 avgust

2016 yilning 5 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. 

Majlis “Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida”gi qonun loyihasining muhokamasi bilan boshlandi. Prezidentimiz rahnamoligida istiqlolning dastlabki yillaridan sog`lom va barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. 

“Sog`lom ona va bola” yili Davlat dasturida ham yoshlarga oid davlat siyosatining huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish ko`zda tutilgan. Deputatlar qonun loyihasining qabul qilinishi yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini mustahkamlash, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning mas`uliyatini kuchaytirish, ushbu sohada qabul qilinayotgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirish imkonini berishini ta`kidladi. 

Shundan keyin deputatlar e`tiboriga “Ichki ishlar organlari to`g`risida”gi qonun loyihasi taqdim etildi. Prezidentimiz Islom Karimov O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi ma`ruzasida ichki ishlar organlarining qonun ustuvorligini ta`minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish borasidagi maqomi, faoliyat shakli va usullarini aniqlashtirish, shu maqsadda alohida qonun qabul qilish zarurligini ta`kidladi. Shundan kelib chiqib, mutasaddi idoralar tomonidan ekspertlarni hamda keng jamoatchilik vakillarini jalb etgan holda mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida atroflicha muhokama qilindi. 

Fraksiya a`zolarining fikricha, ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonunning qabul qilinishi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulki himoya qilinishini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta`minlash, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish ishlarini samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki unda ichki ishlar organlari huquqiy maqomi yaxlit qonun darajasida tartibga solinib, ularning tashkiliy tuzilmalari, vazifalari va faoliyat tamoyillari hamda huquq va majburiyatlari, davlat va jamiyatdagi o`rni va roli aniq belgilab berilmoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi joriy yilning 24−25 avgust kunlari Toshkent shahrida chaqiriladi. Bu haqdagi qaror 5 avgust kuni Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan qabul qilindi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!