Yuragimda saqlaganlarim: Qo`rqinchli ayol

14:05, 08 avgust

Tahririyatga kelgan maktublarni birma-bir o`qirkanman, diqqatimni narigi stolda turgan telefonning ovozi buzdi. Xatdan ko`zlarimni ololmayotganim bois, qimir etmay o`tirganim sari telefon ham betoqatlanardi. “Olmaganingga qo`ymayman”, degandek, tinimsiz jiringlardi...

Oxiri xatni stolda qoldirib, go`shakni ko`tardim.

—  Voy Xudo, ko`tarishdi, ko`tardi-ya! — dedi kimdir qulog`imga tutishim bilan. 

—  Assalomu alaykum! — dedim aksariyat muxlislarda kuzatiladigan hayajonni tushunib. 

—  Assalom, gazetaga tushdimmi? 

—  Gazetaga tushdingiz...

—  Haligi... Men anchadan buyon hech kimga aytolmay yurganlarimni gapirib bermoqchi edim, — dedi muxlisamiz o`zini tanishtirmay turib. — Yozib olasizmi?  

—  Yozib olaman. 

—  Gapni nimadan boshlashni ham bilmayman. Hayajonlanganimdan gaplarim esimdan chiqib ketdi. Bo`lmasa, necha kundan buyon miyamda takror-takror aytib, pishitib olgandim.

—  O`zingizni tanishtirmadingiz? — dedim hamon kimligini aytmagan muxlisamizga kimligini aytishi lozimligini eslatib. 

—  Aytmasam ham bo`ladimi? Yaqinlarim tanib qolsa... 

—  Ixtiyoringiz. Nima bo`ldi? Nimani aytmoqchi edingiz?

—  Ko`p narsani gapirishim kerak edi. Eng birinchi, o`zimning kamchiligimni aytib qo`ysam. Nega bunaqaman, bilmayman. Yomon odatim bor. Uning gapini bunga, bunikini unga aytib qo`yaveraman. Ko`p bora “dedi-dedi”ning sababchisi bo`lib, gap eshitgan damlarim ham bo`ldi. Lekin eng yomoni...

Ishonsangiz, eng yaqin dugonamning dil yorib aytgan gapini ham boshqalarga etkazganman. Hammasi shundan boshlandi. Ko`pchilikni o`zimdan sovutdim. Yuz o`girishlariga sababchi bo`ldim.

Dugonamning turmushi buzilgan edi. Eri ichuvchi bo`lgani bois, ko`p kaltaklar, shuning ortidan bitta qizchasi bilan ajrashib ketgandi. Uning qanday qiynalganlarini o`zim ko`rganman. Avvaliga akasi tergayverib toqatini toq qildi. 

—  Ajrashib kelib sharmanda qilganing etmagandek, endi darvoza oldida o`tirib olib o`zingni reklama qilyapsanmi? — derdi qo`shnilar bilan suhbatlashib o`tirgani chiqqudek bo`lsa. — Bu erda o`zingni ko`rsatib o`tirguncha qizingga qara, mening bolalarimning yuzini yulyapti. 

Men dugonamning qizlik uyidan ikki xonadon naridagi oilaga kelin bo`lib tushgandim. Shuning uchun bu gaplarga o`zim ham guvoh bo`lganman. 

Bu orada ajrashishganiga olti oy o`tmay, eri uylandi. 

—  Erim yomon bo`lsa ham, ajrashgan bo`lsam ham baribir nima uchundir bog`lanib turgan ekanman. Birdan bo`shashib, bor-budimdan ayrilgandek bo`ldim. Ehtimol, erimning tavba qilishiga, yarashib, baxtli hayot kechirishimizga va`da berishiga umid qilgandirman, — dedi u bir kuni. 

Bu gaplarni sir sifatida faqat menga aytayotganini bilardim. Lekin nima uchundir, ertasiga u akasidan qo`rqib ko`chaga chiqmaganida orqa-oldini o`ylamay so`zlashga tushdim:

—  Dugonam bechoraga ham qiyin. Eri bilan ajrashganiga pushaymon. O`zi kalta o`ylagan-da! Eri uylangach, dugonam ham o`ylab ko`rib xatosini tushunganmi?.. — dedim atay qo`shnilarni og`zimga qaratishni istaganim uchun sirli qilib.

—  Voy, yomon ko`radi-ku, erini, — bir qo`shnim gapimni shart kesdi.

—  Siz bilasizmi, menmi? Men dugonasiman-ku! Men bilan sirlashadi. O`zi aytdi. Balki eri uylanganidan keyin akasi ham battar zug`um qilayoganmi?

—  Aka bo`lgandan keyin tergaydi-da! “Zug`um” demang, — dedi boshqa bir qo`shnimiz.

—  Siz bilasizmi, menmi? Akasi kun bermaydi, unga...

Faqat uni emas, uyimizdagi gaplarni ko`chaga, ko`chadagini uyga olib kirib ham hammani og`zimga qaratib o`tirishni yaxshi ko`rardim. Bir kuni qaynonamning opasi mehmonga keldi. Yoshliklarini eslashdi. Xolamiz “Sening oshiqlaring ko`p bo`lgan. Bir marta uyga borganingda bir sinfdoshing bilan gaplashib turganingni ering ko`rib qolib, onamlarnikiga tashlab ketvorgani esingdami? Bo`lmasa, ko`chada shunchaki so`rashib, hol-ahvol so`ragansizlar. Ering esa rashkdan yonib, o`zini tutolmagan...” 

Ertasiga yana qo`shnilarni o`zimga qaratgim keldi.

—  Kecha qaynonamning opasi kelgandi. Rosa qaynonamning sirlarini ochib tashladi, — dedim qiziq narsa aytayotgandek ovozimni past qilib.

—  Qanaqa siri bor ekan? — hamma xotinlar birdan qiziqsindi.

Bundan battar zavqim keldi.

—  Kelin bo`lgandan keyin ham rosa "hunar” ko`rsatgan ekanlar. Hatto sinfdoshi bilan qaynotam ko`rib qolgan ekan. Keyin qaynonamni onasinikiga tashlab ketib qolgan ekan. Sal qolgan ekan, ajrashib ketishiga.

—  Yo`g`-e, qaynonangizni hamma maqtaydi-ku! Hech kim bema`ni gap aytmagan.

—  Hamma ham bilmaydi-da! Kecha opasining o`zi aytdi-ku! — dedim bepisand qarab.

Har doim bu gaplarim chuvalashmas, men eng zo`r gurung beruvchi, hammani og`ziga qaratib o`tiruvchi davraning guli bo`lib qolaverardim. 

Bu safar ham shunday bo`ladi deb o`ylagandim. 

Peshindan keyin dugonam biznikiga keldi. Ko`chaga chiqib o`tirishimizga ham hojat qolmadi. Ikkalamiz rosa gurunglashdik. Bildimki, dugonamning o`ta muhim gapi yoki maslahatlashadigan ishi bor. Bo`lmasa, uyimizga kelmasdi. Shuni o`ylab, ichim qizisa-da, sabr bilan uning “yorilishi”ni kutdim.  Oxiri u dilidagini aytishga tushdi:

—  Bir gap aytsam, hech kimga aytmaysanmi? Maslahating kerak. Nima qilishni ham bilmayman. Bilasan, siqilib yurgandim. Erim uylangandan keyin negadir dunyoga sig`may qoldim. Xuddi o`zimni keraksizdek his qildim. Hatto, o`sha alkash erim ham kimgadir kerak, kimdir intiq ekanki, mana uylanishi qiyin bo`lmadi, men-chi? Shu qadar qadrsizmanmi, deya ezila boshladim. Bir hafta siqildim, bir oy ich-etimni edim. Oxiri o`zimni ovutish uchun telefonimni qo`limga oldim. Alam bilan duch kelgan raqamni terdim. Erkak kishi oldi. Shoshib qolganimdan “Uzr, adashib tushdim”, dedim. “Tez-tez adashib turing, shunaqa adashib tushadiganlarga mahtal bo`lib o`tiribman”, dedi u dabdurustdan. “Rostdan adashib tushdim!” deya jahl bilan bosib qo`ydim. U esa sms yubordi: “Menam rost aytdim. Biror kim adashib tushsa ham mayli edi. Dardimni eshitsa bo`ldi, deb o`tiribman”, debdi. Indamadim. Tag`in xabar yubordi: “Uzr, rostdan adashib tushganga o`xshaysiz...”

Uning so`zlari yuragimni tildi. Beixtiyor menam xabar yubordim: “Adashmagandim, siqilganimdan tergandim...”

Dugonamning gapi shu erga etganda yanada yaqinroq o`tirdim. U esa qizarib ketdi. Men o`zimni tiyolmay savol ham berdim:

—  Keyin telefon qilgandir?

—  Yo`q, — dedi dugonam erga qarab. — Xabar yubordi. “Dardlashgingiz kelsa, tinglashga tayyorman. Faqat bir shartim bor, mening ham dardimni eshitasiz...” debdi. Men “Yaxshi”, deb javob yo`lladim. Keyin esa telefonimni yonimga qo`yib o`yga toldim: “Nima qilaman, duch kelgan odamga dardimni aytib. Biror nima toparmadim?” 

Oradan o`n daqiqa, o`n besh daqiqa, yarim soat o`tdi. Telefonim jiringladi. Haligi raqam. Xayol bilan ko`tardim. 

—  Kutib o`tiraveramanmi? — dedi suhbatdoshim. 

—  Nega kutasiz? — dedim o`z xayollarim bilan band bo`lganim uchun. 

—  “Dardlashgingiz kelsa, tinglayman”, dedim. “Yaxshi”, dedingiz. Lekin qo`ng`iroq qilmadingiz...

—  Dardim yo`q. Shunchaki yozdim. Siz esa aytvering. Eshitaman, — dedim. 

—  Mening ham aytgim kelmay qoldi. Go`yo butun dardlardan forig` bo`lgandekman. Sal avval dunyoga sig`mayotgandim. Endi qushdekman...

Shu bilan gapimiz qizidi. Uning aytishicha, yaqinda ayoli ketib qolibdi. O`n yildirki, befarzand emish. Do`xtirlar erkakni ayblagan ekan, xotin jo`navoribdi. “Sizni tanimaganim, bilmaganim uchun ochiq-oydin aytdim. Engil tortdim”, dedi u so`zi yakunida. So`ng ixtiyorsiz ravishda men erimni yomonladim. Birinchi suhbatimiz shu tarzda dardlashuv bilan kechdi. Ertasiga esa hazil-huzul qilib, ko`nglimni ko`tardi. Hozir ham gaplashib turibmiz. Bir-birimizga o`rganib qolayotgandekmiz. Ikki kundan buyon “Ko`rishaylik, balki taqdir yo`llarimiz birdir”, deydigan bo`ldi. Boshim qotib qoldi. Nima qilay? Albatta, ishonayotganim yo`q. Lekin... ichimda nimadir bor. Umidmi...

Men o`sha damda ham dugonamning so`zlarini qanday qilib qo`shnilarga etkazish haqida o`ylardim.  

Unga albatta uchrashishni maslahat berdim. Ayollar davrasida esa jo`shib so`zladim:

—  Dugonam dardini erkaklar bilan gaplashib yuvyapti. Nima ham qilsin? Yosh bo`lsa, boshi ochiq bo`lsa. Bugun uchrashuvga ham ketgan. Bir-birini yoqtirgudek bo`lsa, to`y boshlab yuborishadimi?

Buni qarangki, bu gapim dugonamning yangasining qulog`iga etib boribdi. U eriga aytibdi. O`sha kuniyoq uchrashuvdan qaytishi bilan akasi eshik ochibdi. Keyin buzuqdan olib, buzuqqa solibdi. Bir shapaloq tushiribdi ham. O`sha-o`sha dugonam ko`chaga  ham chiqmay qo`ydi. Telefon qilsam ham javob bermayapti. Tinimsiz qilgan qo`ng`iroqlarimga javoban smc yuboribdi: “Senga ishongandim. Kutmagandim, sendan. Senga nima yomonlik qilgandimki, aytgan gaplarimni hammaga yoyib yuribsan? Sendek dugonam yo`q...”

Bilasizmi, qo`shni ayollar ham meni ko`rsa yuz o`giryapti, suhbatlariga qo`shmayapti. Bittasi achchiq-achchiq gapirdi ham:

—  Dugonangizning yuz xotirini ham qilmabsiz-a? Siz qo`rqinchli ayolsiz! Qo`rqish kerak sizdan. Uzoqroq yurish kerak...

Hatto qaynonam ham koyidi. O`zi haqidagi gaplarimni eshitgan ekan. Bir kunda hamma yuz o`girdi. Nima qilishimni bilmay qoldim. Nima qilay, maslahat bering...

KAMINA oqqa ko`chirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!