Nobakor ona begunoh qizning umriga zomin bo`ldi

16:11, 08 avgust

To`kin hayotga o`rgangan Jamilaning bo`yi cho`zilib, balog`at yoshiga etgani sayin, xurmacha qiliqlari ham ko`paydi. Dugonasining ochiq-sochiq kiyinganini ko`rgan qishloq qizlari, “Chillaki chillakini ko`rib, chumak uradi” deganlaridek, unga taqlid qila boshlashdi, bundan xavotirga tushgan ayrim ota-onalar mahalla oqsoqoliga murojaat qilishdi. 

“Yaxshi otga bir qamchi”, deganlaridek, oqsoqolning Bahromga qizini to`g`ri yo`lga boshlash haqidagi nasihatlari kor qilmadi: hali balog`at yoshiga etmagan qizini boyligiga uchib, savdogar do`stining yolg`iz o`g`liga uzatib yuborarmidi?!

Yosh kelin-kuyovning turmushi ikki yilgacha tinch-totuvlikda o`tdi. Ammo “Eb yotganga tog` ham chidamaydi” deganlaridek, Jamila eridan qanday qilib bo`lmasin ko`proq pul topib kelishni talab qila boshladi. Noiloj qolgan kuyov qurilishga ishchi bo`lib ishga kirdi. Ammo uning topib kelganlariga Jamila qanoat qilmadi. Boshi qotgan yigit jinoyat ko`chasiga kirishdan boshqa yo`l topolmadi. O`g`rilik qilib topgan erining harom pullari Jamilaga moyday yoqib tushardi. Ammo oilaning “dorilomon” kunlari uzoqqa cho`zilmasligi kunday ravshan edi. Shunday bo`ldi ham. Kunlardan birida uyidan “ov”ga chiqib ketgan Shohimardon jinoyat ustida qo`lga tushib, qamalib ketdi. Jazoni ijro etish muassasasida eri bilan uchrashgan Jamila unga ortiq birga yashamasligini ma`lum qildi.

ERKIN “QUSh”NING PARVOZI

Jamilaning bu qarorini gapdagi ulfatlari qarsaklar bilan kutib olishdi.

—  Ana endi sen ham biz kabi erkin qush bo`lib, uzoqlarga parvoz qilasan, – dedi  tilla bilakuzuklarini ataylab shiqirlatarkan, jo`raboshi Gulmiraxon. – Savdogarchilik qilib, kam bo`lmaysan.

Muttahamning “parvoz”i o`zi savdo qiladigan bozordagi kiyim-kechak rastasi xo`jayini Malikni “qarmoq”qa ilintirishdan boshlandi. O`zini bu ayolning noz-ishvalariga rom bo`lib qolgandek ko`rsatsa-da, Malik ham anoyilardan emasdi. Ochiqchasiga aytganda, u ikki bolaga vaqtincha ota bo`lib, Jamilaning ikki qavatli dang`illama uy-joyiga egalik qilmoqchi edi. Ikkalasidan qaysi biri “shoxidamas, bargida yurgan”ligi hozircha noma`lum bo`lsa-da, bir farzandning otasi bo`lgan Malik tavakkal qilib, xotini bilan rasman ajrashdi.

Ko`p o`tmay, eng qimmat restoranlardan birida Malik va Jamilaning nikoh to`yi bo`lib o`tdi. Tantanalar tugashi bilan kelin-kuyov janjallashib qolishdi.

Farzandlari Pokiza va Nozimani etaklab olgan kelin, gullar bilan bezatilgan oq “Limuzin” oldiga kelganlarida, eridan so`radi:

—  Dadasi, bizni qaysi uyingizga olib borasiz?

—  Ona-bolalar yashagan uyga dadasi ham borishga rozi, – javob qildi bu savolni hazil deb o`ylagan er.

—  Men siz bilan hazillashayotganim yo`q, – erini chetroqqa tortdi kelin, – jiddiy so`rayapman!

—  Nega meni dovdiratasiz, yo`g`-e, dovdiratasan? Senikida birga yashashga kelishgandik-ku?

—  Uyimni kecha sotdim, – tirjaydi Jamila. – Qarzlarimga to`ladim. Sharoit shunaqa bo`lib qoldi.

Malik chuv tushganini sezgan bo`lsa-da, bo`sh kelmadi:

—  Men uyimni xotinimga berganman. Demak, mehmonxonaga boramiz.

—  Nega endi? – istehzoli jilmaydi kelin. – Shahar chetida yangi uyingiz, yo`g`-e, uyimiz borligini bilaman. O`sha erga boramiz.

Bu ayol o`zi o`ylaganidan ham ayyorroq ekanligini fahmlagan Malik tilyog`lamalikka o`tdi:

—  Ha dala-hovlini aytyapsizmi? Sizga ma`qul tushsa bo`lgani. Mayli, ketdik...

—  Menga farqi yo`q, – dedi bolalarini “Limuzin”ga o`tqazayotib Jamila, – boshpana bo`lsa, bas.

“O`TNIKI – O`TGA, SUVNIKI – SUVGA...”

Boshda uzoqqa cho`zilmaydigandek ko`ringan bu sila poydevor besh yilgacha nuramay turdi. Malik taqdirga tan bergan bo`lsa-da, ammo Jamila o`z makridan qaytmadi. Hatto birin-ketin qizlari – Soliha va Saidaning dunyoga kelishi ham uning fikrini o`zgartirolmadi. U kechayu-kunduz birga yashaydigan, kir-chirini yuvdiradigan erdan ko`ra, onda-sonda kelib-ketadigan jazmanlarni xush ko`rardi.

O`g`rini qaroqchi urganini allaqachon sezgan Malik ham “Hap senimi!” degandek, birinchi xotini bilan yarashib oldi. Hayot bu tahlitda davom etishi mumkin emasdi. Nimadir yuz berishi kerak edi. Birinchi bo`lib, oilaviy notinchlik va kelishmovchiliklarga Malikning yuragi dosh bermadi. U insultga chalinib, to`shakda yotib qoldi.

Jamila bemor erini davolatishdan ko`ra, uy-joy, avtomashinalarni o`z nomiga rasmiylashtirishga shoshildi. Ammo bu safar u kech qoldi. Malikka qarz berganlar uning yotib qolganini eshitib, hujjat-dalil bilan haqini talab qilib kelishdi. Natijada uy ham, mashinalar ham qarzni to`lash uchun sotilib ketdi. Bu mulklar uniki bo`lmagani uchun Jamila tilini tishlab qolaverdi.

Ko`p o`tmay Malik birinchi xotinining qo`lida vafot etdi. To`rt nafar bola bilan ko`chada qolgan Jamila shaharchadan hovli-joy sotib oldi. Biror joyda yolchitib ishlamagan ayol eski “hunar”i bilan shug`ullana boshladi. Siri fosh bo`lgach, u boshqa shaharchaga ko`chib ketishga majbur bo`ldi. Shu orada otasiz beshinchi farzand – To`lqin ham tug`ildi.

“O`rgangan ko`ngil – o`rtansa qo`ymas” deganlaridek, Jamila bir yoshga ham kirmagan go`dakni Nozimaga qoldirib, yarim tungacha yo`q bo`lib ketardi. Och-nahor qolgan bolalarga qo`shnilar osh-ovqat berib turishdi. Oilaning to`ng`ichi Pokiza mavsumiy dala ishlariga chiqib ketganligi bois, uch nafar bolaga ko`z-quloq bo`lib turish Nozimaning zimmasida edi. Buning ustiga, u maktabga ham qatnardi.

Mahalla faollari bir necha marta Jamilani chaqirib, tanbeh berishdi. Bolalarini mehribonlik uyiga yoki bolalar bog`chasiga joylashtirish to`g`risida taklif kiritishdi.

Ammo u qaysarlik qilib, hech kimning gapini nazar-pisand qilmasdi.

QAERDASAN, SOLIHA?..

Chaqaloq ukasi To`lqinga sutini berib, uxlatgan Nozima maktabga otlanarkan, Solihaga o`zi qaytgunicha ukalariga qarab turishini tayinladi. Endigina besh yoshdan oshgan Soliha bolaligiga borib, tixirlik qildi:

—  Men o`rtoqlarim bilan cho`milishga boraman.

Busiz ham har kuni ertadan kechgacha ukalariga qarash joniga tekkan Nozima, yo`lakka chiqqanda o`dag`ayladi:

—  Cho`milishga borganingni ko`rsam, o`ldiraman seni!

Keyingi paytda jizzaki bo`lib qolgan Nozima maktabdan qaytayotib, ariqda cho`milayotgan singlisini ko`rdi-yu, allanimalar deb unga tahdid qildida, uyi tomonga yurib ketdi. U uyga borib, beshikda yotgan bolakayni echib oldi-da, sutini isitib ichirdi. So`ng bolani qo`shninikiga olib chiqib berdi. Keyin o`zi yashirib qo`ygan arqonchani qidirib, oxiri topdi.

Shu payt Soliha cho`milishdan qaytib keldi.

—  Yur, cho`milishga boramiz, – singlisining qo`lidan tutdi Nozima. – Lekin seni endi ariqdan hech qachon chiqmaydigan qilaman. Ertayu kech suzib yuraverasan.

Saida opalarining ortidan ergashdi. Uchovlon hayqirib oqayotgan ariq qirg`og`iga etib kelganlarida, atrofga qorong`ilik cho`kayotgandi. Suvni ko`rib, vahimaga tushgan Soliha opasiga yalindi:

—  Cho`milmayman, opajon, ketaylik! Endi aytganingizni qilaman. Qo`rqyapman!..

Nozima singlisining nolasini eshitmagandek, atrofga razm soldi. Hech kim yo`qligiga ishonch hosil qilgach, ko`ylagi ichidan arqonni oldi-da, qochmoqchi bo`lgan Solihani tutib, uning ikki qo`lini bog`ladi. Qo`llari chandib bog`langan bechora qizgina, bularning hammasini o`yin deb o`ylab, avvaliga qiqir-qiqir kuldi. Lekin opasi uni tik qirg`oq oldiga haydab kelgandan so`ng dahshatdan karaxt bo`lib, tili aylanmay qoldi. So`nggi hamla bilan ortiga tisarilgan singlisini suvga itarib yuborgan Nozima ortiga qaramay keta boshladi. Saida esa suvda oqib ketayotgan opasining ortidan qirg`oq bo`ylab, ancha joygacha yugurib bordi. Solihaning “Yordam beringlar! Yordam!.." degan hayqirig`i ancha paytgacha eshitilib turdi.

Uyga kelgan Nozima Saidani siquvga oldi:

—  Agar Soliha suvga cho`kib ketganini oyimga aytadigan bo`lsang, sening boshingga ham uning kunini solaman! O`ldiraman, uqdingmi?!

Yarim tunda shirakayf holda uyga kelgan Jamila Solihaning qaerdaligini so`rab, qizlaridan tayinli javob ololmadi.

—  O`rtoqlari bilan o`ynab yurgandi, – javob qildi beparvolik bilan Nozima.

Ertasi kuni Solihaning murdasi ariqdan topildi... Tergov davomida so`roq qilingan Nozima aybiga to`liq iqror bo`ldi.

Jinoyat ishlari buyicha Toshkent viloyat sudi Nozima Rafievaning balog`at yoshiga etmaganligini inobatga olib, unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq jazo tayinlab, jazoni shartli hisoblab, sinov muddati belgiladi. 

Insoniylikni unutib qo`ygan, ona degan yuksak nomga nomunosib bo`lgan Jamilaning qolgan umri endi afsus-nadomatda o`tishi muqarrar. Axir ona uchun farzand dog`idan ortiq azob bormi? Jamila bu azobni taqdirdan o`zining qilmishlari va nopok qadami hisobidan tilab oldi...

Ismatulla MAMANOV, jinoyat ishlari bo`yicha 
Toshkent viloyat sudining sudyasi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!