Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari markazining davolash-diagnostika korpusi quriladi

16:39, 09 avgust

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori (pdf) bilan «Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitasiyasi markazining davolash-diagnostika korpusini qurish va jihozlash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Bu haqda “Daryo” deya xabar bermoqda UzDaily.

Hujjat sog`liqni saqlash tizimini yanada takomillashtirish, respublika davolash-profilaktika muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tayanch-harakatlanish tizimi kasalliklariga chalingan bolalarga yuqori malakali tibbiy yordam ko`rsatish sifatini oshirish maqsadida qabul qilindi.

Loyiha doirasida Toshkent viloyati, Qibray tumani, Salar posyolkasi, Bonur ko`chasi, 4-uy manzilida joylashgan Respublika bolalar tayanch-harakat tizimi kasalliklari reabilitasiyasi markazining 200 o`rinli davolash-diagnostika korpusini va muhandislik kommunikasiyalarini qurish, jihozlash rejalashtirilgan.

Loyiha 2017 yil 1 yanvargacha bajariladi va SYNECTA a.s. (Slovakiya) kompaniyasi tomonidan beriladigan beg`araz yordam mablag`lari hisobiga amalga oshiriladi, kelgusida ob`ekt O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligiga beriladi.

Ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq, ob`ektni qurish qiymati 55 milliard so`mni, uni jihozlash qiymati esa 7 million AQSh dollarini tashkil qiladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!