Stressni engish va xotirjam uxlashning 4 usuli

12:53, 10 avgust

Stress — uyqusizlikning asosiy sabablaridan biridir, deydi “Lifehacker.ru” nashri . Inson uyquga to`ymagandan keyin, miyasi charchab, to`g`ri fikrlamaydi, hayotini boshqara olmaydi. Bu esa asabingizni yanada taranglashtiradi. Quyida sizni stressni va uyqusizlikni engishning 4 usuli bilan tanishtiramiz.

Ongli meditasiya
Ongli meditasiyaning asl mohiyati barcha o`y-fikrlardan, his-tuyg`ulardan xoli bo`lib, aql va tanani kuzatishdir. Bu jarayon insonning kayfiyatiga ijobiy ta`sir ko`rsatib, uyquni yaxshilaydi. 2015 yilda o`tkazilgan tadqiqotlar ongli meditasiya uyqusizlik, depressiya va charchoqni engishini isbotladi.

Ongli meditasiya quyidagicha amalga oshiriladi:
•  O`zingizga qulay holatda o`tiring;
•  Nafas olishingizga e`tibor bering;
•  Agar chalg`ib, fikringiz chuvalashsa, nafas olish va nafas chiqarish haqida o`ylang.

Chuqur nafas olish
Chuqur nafas olish va uning chastotasi qon bosimi va pulsga ta`sir qiladi. Quyidagi texnikalar chuqur va xotirjam nafas olishingizga yordam beradi:
•  Diafragma orqali nafas olish. O`tiring yoki yoting. Burun orqali o`n marta nafas oling. Bunda ko`krak bilan emas, iloji boricha qorin mushaklari yordamida nafas olishga harakat qiling. Keyin yana o`ngacha sanab, qorin orqali nafas chiqaring. Bu jarayonni 5-10 marotaba takrorlang.
•  4–7–8 tartibida nafas olish. Bu texnikani Endryu Veyl (Andrew Weil) uyqusizlikdan qiynalgan mijozlar uchun maxsus o`ylab topgan. Tilingizni tishingizning tepa qismiga tirang. Og`zingiz orqali hushtak chalayotganday nafas chiqaring. Keyin og`zingizni yoping, to`rtgacha sanab burun orqali nafas oling. Ettigacha sanab, nafas chiqarmay turing. Sakkiz degandan keyin hushtak chalayotganday nafas chiqaring. Bu jarayonni uch marotaba takrorlang.

Musiqa eshitish
Musiqa eshitish stressni, xavotirni va uyqusizlikni engib, insonni tinchlantiradi. 
Mumtoz qo`shiqlarni, engil jazni, mayin musiqiy ohanglarni, o`zingiz yoqtirgan tabiat ovozlarini tinglab, orom oling. Chiroqni o`chirib, qorog`i xonada yotgancha, musiqa tinglang.

Meditativ harakatlar
Bunday harakatlar yoga va tay-chida mavjuddir. Ularning uyquga ijobiy ta`sir qilishi olimlar tomonidan tasdiqlangan. Harakatlar orasidan qay birini tanlashingizning ahamiyati yo`q, ammo hech bo`lmaganda haftasiga uch marotaba shug`ullansangiz, maqsadga muvofiq bo`ladi.

Tay-chi — qadimgi xitoy gimnastikasi bo`lib, chuqur nafas olishni va engil harakatlarni   o`z ichiga oladi. Bu mashqlar ortiqcha asbob-uskunani talab qilmaydi. Uni yolg`iz yoki ko`pchilik bo`lib bajarish ham mumkin.

Yoga turli kasalliklarga davo bo`lib, homiladorlik vaqtida ham kayfiyatni ko`tarishga, uyqusizlikdan xalos qilishga xizmat qiladi. O`zingizga mos keladigan yoga texnikasini tanlab oling. Ammo bir-ikki mashqdan keyin darrov samarali natijaga erishaman, deb o`ylamang. Sabr-bardosh bilan shug`ullanishda davom eting, shunda har qanday qiyin vaziyatlardan osonlik bilan chiqib ketib, xotirjamlikka erishasiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!