Namangan tumanida joriy yilda 16 million dollarlik sanoat mahsulotlari eksport qilinadi

16:27, 10 avgust

Namangan viloyatida 15 ming 700 dan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub`ekti samarali faoliyat yuritmoqda. Viloyat yalpi hududiy mahsulotining 68,2 foizi, sanoat mahsulotlarining 32,5 foizi ushbu korxonalar hissasiga to`g`ri kelmoqda. Ular tomonidan 80 ga yaqin turdagi tayyor mahsulot ishlab chiqarilmoqda. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Namangan tumanida ham sanoat izchil rivojlanmoqda. Ayni paytda tumanda 280 dan ortiq sanoat korxonasi faoliyat ko`rsatib, joriy yilning o`tgan davrida ular tomonidan 189 milliard so`mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 

Tumandagi 16 korxonada eksport amaliyoti yo`lga qo`yilgan. Ular tomonidan tashqi bozorga tibbiyot paxtasi, asal, meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinmoqda. 

Tumanda yuqori sifatli mahsulotlari bilan dunyo bozorida munosib o`rin egallayotgan eksportchi korxonalar safi yildan-yilga kengaymoqda. “Ideal” savdo belgisi ostida zamonaviy kostyumlar ishlab chiqarilayotgan “Istiqlol”, “Aisha Home Textile”, “Asror tekstil sanoat”, “Element paint”, “Xumo dizayn servis”, “Nafis texgroif” , “Ma`sud tekstil” mas`uliyati cheklangan jamiyatlari, “Unliver Chimikcal”, “Golden Silk” kabi qo`shma korxonalar shular jumlasidandir. Kiyim-kechak, momiq sochiq singari yuzdan ortiq turdagi mahsulot tayyorlanayotgan bu korxonalar tuman ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga, sanoat, eksport salohiyati yuksalishiga katta hissa qo`shmoqda. 

“Toshbuloq-Teks” O`zbekiston – Rossiya qo`shma korxonasida kuniga 16-18 tonna paxta tolasi qayta ishlanib, yuqori sifatli ip-kalava ishlab chiqarilmoqda. Mahsulotning 80 foizdan ziyodi eksportga yo`naltirilmoqda. 

“Nostandart” ishlab chiqarish korxonasi o`zining raqobatbardosh mahsulotlari bilan iste`mol bozoriga dadil kirib borayotgan tadbirkorlik sub`ektlaridan. 

“Merrimedfarm” qo`shma korxonasida 20 dan ortiq turdagi import o`rnini bosuvchi dori-darmon vositalari ishlab chiqarilmoqda. Bu ushbu mahsulotni chetdan keltirish muammosini bartaraf etish va valyuta tejashda ham katta ahamiyat kasb etmoqda. “Asadbek g`isht sanoati” korxonasida ishlab chiqarilayotgan 20 turdagi milliy o`yinchoqlar ichki bozorning bunday tovarlarga bo`lgan ehtiyojini ta`minlashga xizmat qilmoqda. 

Muxtasar aytganda, tumandagi 16 korxonada eksport amaliyoti yo`lga qo`yilgan bo`lib, joriy yilda ular tomonidan 16 million dollarlik sanoat mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilgan. Shu yilning o`tgan davrida eksportchi korxonalar safi “Madina Muazzam”, “Asror tekstil”, “Agro eksport”, “Sofbol savdo”, “Alfa” kabi yangi korxonalar hisobiga yanada kengaydi. Ular tomonidan tashqi bozorga tibbiyot paxtasi, galstuk, asal, meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinmoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!