Cho`yan idishni tozalashning oddiy usuli

16:06, 12 avgust

Uyingizda “ota-bobolardan qolgan” cho`yan qozon yoki tova bormi? Unda baxtingiz bor ekan! Chunki bunday idish o`ziga xos noyob xususiyatlarga ega, unda tayyorlangan ovqat esa haqiqiy uy taomiga xos takrorlanmas ta`mga ega bo`ladi, deydi “Ayol.uz” nashri .

Uning yagona tashvishi shundaki, ko`pincha bunday idish kuygan yog`dan iborat “abadiy” qatlam bilan qoplanib qolib, uncha chiroyli ko`rinishga ega bo`lmaydi. Cho`yan idishni uning yuzasini tirnamagan holda tozalab, yaraqlatish mumkinmi?

Demak, resept quyidagicha:

Oddiy kir sovun bo`lagi (72 foizlik bo`lsin) va taxminan 100 grammli idishdagi PVA elimini olamiz.

Suv solingan katta idishni, masalan, tozalash kerak bo`lgan idishingiz bemalol sig`adigan tog`ora yoki chelakni olovga qo`yamiz. Endi sovunni katta tishli qirg`ichdan o`tkazamiz. Suv qaynab chiqqach, sovun parchalarini unga solib, olovni pasaytiramiz. Qaynayotgan suvga PVA elimini ham qo`shib yuboramiz va yaxshilab aralashtiramiz.

Barchasi erib ketgach, aralashmaga cho`yan qozon yoki tovani soling va ikki soat davomida mildiratib qaynating. Unga vaqti-vaqti bilan qaynoq suv qo`shib turing.

Ikki soatdan so`ng qaynatilgan idishni olib, sovuq suvda chaying va qattiq mochalka bilan ishqalang — shunda u xuddi yangidek yaraqlab ketadi!

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!