Hurmatning chegarasi yashil chiroq yongunchami?

11:36, 15 avgust

Bugun Toshkent dunyoning eng go`zal va yashash uchun qulay shaharlaridan biriga aylanib ulgurdi. Osmono`par binolar, bog`u-rog`lar, ko`prigu-yo`llar qurilib, poytaxtimiz qiyofasi yildan-yilga yangilanib, o`zgacha tarovat kasb etmoqda. Xizmat ko`rsatish sohasida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Birgina transport tizimini olib qarasak, yo`lovchilarga barcha sharoitlar yaratilgan. Zamonaviy avtobuslar va taksilar ularning uzog`ini yaqin qilmoqda. Shuningdek, shaxsiy avtoulavlarning soni avvalgidan bir necha barobar ko`paygan. Bu esa bevosita farovonligimiz oshib borayotganini ko`rsatadi.

Amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida aholi turmush tarzini yanada yuksaltirish mujassamligi boshqa hamyurtlarimiz singari meni ham quvontiradi albatta. Lekin ming afsuski, ayrim haydovchilarning o`zaro hurmat qoidalariga amal qilmasligi, svetofor yashil chirog`i yonar-yonmas tinimsiz signal chalishlar, yo`l bermaslik kabi salbiy illatlar kishining kayfiyatiga, ruhiyatiga ta`sir o`tkazib, dilini xira qiladi. 

Yaqinda Uchtepa tumanidagi kichik chorrahalardan birini kesib o`tayotgan edim, mendan uch-to`rt metrcha orqaroqda ikkita bolakay kelyapti:  ko`rinishidan uchinchi-to`rtinchi sinflar bo`lsa kerak... Svetoforning piyodalar uchun yashil chirog`ida harakatlanib kelyapmiz. Men yo`lni kesib o`tdim,  bolalarning o`tishiga atigi bir metrcha masofa qolgan. Uzoqdan shoshib kelayotgan oqish “Matiz” avtomashinasi kelib, sekinlashdi-da, oltmish yoshlar chamasi haydovchi oynadan  boshini chiqarib,  “tez-tez o`t-e....” deb so`kib o`tib ketdi. 

Ikki norasida bir-biriga qaragancha, nochor elkasi qisib yo`llarida davom etdi. Ularga rahmim keldi. Haydovchining o`zini tutishidan g`azablandim. To`g`risi, o`sha kuni kun bo`yi kayfiyatim buzilib, haydovchining so`kingani qulog`imdan ketmay, g`alati bir ahvolda yurdim. Alam qilarli jihati, bolalar yo`lni svetoforning yo`lovchilar uchun belgilangan  yashil chirog`ida kesib o`tgandi.

 Balki, haydovchi shoshayotgandir, lekin nima bo`lganda ham qonun-qoida barcha uchun barobar-ku? Qolaversa, har qanday vaziyatda ham nabiralari tengi, balki ulardan ham yoshroq murg`ak bolakaylarni so`kish ahmoqlik va farosatsizlikning eng yuqori ko`rinishi bo`lsa kerak. 

Yana bir mulohaza: har kuni ishga avtobusda qatnayman. Avtotransport boshqarayotgan paytda uyali aloqa vositasidan foydalanish qonun bilan taqiqlangan bo`lsa-da, ko`pchilik haydovchilar telefondan bemalol foydalanadi.  Avtobus haydovchilarining ba`zilarida madaniyat etishmaydi, telefonda kimlarnidir so`kib, duch kelgan gaplarni aytishdan o`zini tiymaydi. Avtobus salonida odam bormi-yo`qmi, ularga farqi yo`q. Na keksani, na ayollarni va na yosh qizlarni bilishadi. Og`ziga kelgan uyatsiz gaplarni bemalol baqirib aytaveradi. Yo`lovchilarning oldida  boshqa yo`nalishdagi  haydovchilar bilan odam talashib, so`kishib, hatto yoqalashib yurganlariga ham guvohg` bo`lganmiz.  

Tan olish kerak, haydovchilarning orasida insofli, diyonatli, boshqalarni hurmat qiladiganlari ko`p. Ammo, ertalablari poygabozlik, kechki payt bir birining yo`lini to`sish bilan ovora bo`layotgan haydovchilar ko`pchilik yo`lovchilarning e`tirozlariga sabab bo`lmoqda.   

Birgina, Chilonzor metrosidan chiqqandagi bekatda deyarli har kuni 8-avtobus haydovchilari 125-soni  yoki boshqa avtobuslarning yo`lini to`sib, ularning  oldinroq  harakatlanishiga yo`l bermaydi. Natijada, ishdan uyiga shoshayotgan yo`lovchilar jabrlanmoqda. Kamida yarim soat kutishga to`g`ri kelyapti. 

Yo`llarimiz ta`mirlanayotgan, kengaytirilayotgan, yangilari qurilayotgan avtoulovda harakatlanish uchun barcha sharoitlar muhayyo bir paytda, shaxsiy avtoulov haydovchilari orasida ayol va erkak, keksa, yosh qo`yinki har bir toifa vakillaridan iborat bo`lgan, faqatgina o`zini o`ylaydiganlari, atrofdagilarni nazar-pisand qilmaydigan hudbinlari ko`plab uchrayotgani achinarlidir.    Beixtiyor o`yga tolasan: “bugungi haydovchilar bir-birlarini svetoforning yashil chirog`i yonguncha yoki bir marta signal chalinguncha, majburligidan hurmat qilmoqdami?

Ko`rinishidan tuppa-tuzuk, bashang kiyingan haydovchi erkaklaru xushbichim xotin-qizlarning oldidagi mashinaga signal chalib quloqni qomatga keltirayotgani, yo`l talashib kim bilandir janjallashayotgani, “eng yangi” so`kishlarni boshqalarga “tortiq” etayotgani   nimasi?

Balkim ular o`z oilasida, yaqinlariga ham shunday muomalada bo`lar? Ularning farzandlari va nabiralari ham o`zlari kabi badxulq, so`kong`ich va zo`ravon bo`lib etishar? Shuning uchun ham oxirgi paytlarda yosh bolalarda ham so`kinib gapirish hollari  uchrayotgandir? Ushbu toifadagi kishilarni hech ikkilanmasdan jamiyat ildiziga tushgan qurtlar deyish mumkin. 

Kim qaerda ishlamasin, hammaning maqsadi insonlarga nafi tegish, birovlarning og`irini engil qilish, xalqqa munosib xizmat ko`rsatish, yurt farovonligiga hissa qo`shish emasmi!?

ELBEK

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!