Tramvaylar olib tashlandi, endi oylik yo`l chiptasi arzonlashadimi?

12:54, 16 avgust

Nega maktab o`quvchilari talaba va pensionerlarning oylik yo`l chiptalari narxi tramvaylar qatnovi olib tashlangandan keyin ham avvalgidek 60 ming so`mligicha qoldi. Axir umumiy chipta narxi 120 mingdan 96 ming so`mgacha arzonlashdiku? Oylik yo`l chiptalari narxi nimaga asosan, qay tartibda hisoblanadi?

Nikolay Volik, Toshkent sh.

O.SODIQOV, “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi:

— O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrining transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 2016 yil 5 apreldagi 102-son qaroriga muvofiq, poytaxtimizda joriy yilning 2 mayidan tramvay marshrutlari yopilib, o`rniga avtobuslar qatnovi yo`lga qo`yildi. Yuqoridagi normativ hujjat asosida hukumatimizning 2012 yil 17 sentyabrda qabul qilingan “Umumiy foydalaniladigan transportda yo`lovchi tashuvchilar faoliyatini hamda ularni moliyalashtirish tartibini takomillashtirish to`g`risida”gi 273-son qaroriga qo`shimcha va o`zgartishlar tayyorlanyapti. Shundan so`ng Toshkent shahar hokimi qarori bilan oylik yo`l chiptalarining yangi narxlari belgilanadi.

Eslatib o`tamiz, shahar yo`lovchilar transportida yo`lovchilar va bagaj tashish haqini to`lash Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat hokimiyati organlari tomonidan yo`l qo`yiladigan doirada belgilangan tariflar bo`yicha amalga oshiriladi. Shahar yo`lovchilar transportida yo`lovchilar va bagaj tashishning yo`l qo`yiladigan doiradagi tariflari darajasi iqtisodiy asoslangan tashish xarajatlaridan va yo`lovchilar tashish xizmatlariga bo`lgan ehtiyojdan kelib chiqib belgilanadi. Toshkent shahrida yo`lovchi transporti (avtobus, metropoliten va marshrut taksilar)da yo`l haqi tariflari qonun hujjatlariga muvofiq, shahar hokimining Moliya vazirligi bilan kelishilgan qarori bilan belgilanadi.

Shuningdek, “FVV buzuq eshik ochadimi?”, “Rahbar ishga qabul qilmaslikka haqqi bormi?”, “Nodavlat institutlar mavjudmi?”, “Mahsulotni realizasiya qilish tartibi qanday?”, “Haydovchilik guvohnomasi qaerdan olinadi?” kabi savollarga “Darakchi” gazetasining 18 avgustda sotuvga chiqadigan 33-sonida javob olishingiz mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!