Yagona portal orqali elektron xizmatlarni ko`rsatishning yangi tartibiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi

17:59, 16 avgust

2016 yilning 16 avgust kuni Aloqa tarixi muzeyida Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tomondan Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 3 iyundagi “Elektron hukumat to`g`risidagi” O`zbekiston Respublikasining Qonunini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari haqida”gi 188-sonli qarori bilan qabul qilingan Yagona portal orqali elektron xizmatlar ko`rsatishning yangi tartib-taomillariga bag`ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida joriy yilning iyun oyida kuchga kirgan O`zbekiston respublikasining “Elektron hukumat” to`g`risidagi qonuni, aholi va tadbirkorlik sub`ektlari bilan axborot almashinishini ta`minlashning qo`shimcha mexanizmlarini yaratish haqida so`z yuritildi.

2013 yildan beri faoliyat ko`rsatib kelayotgan Yagona portal orqali ko`rsatilayotgan elektron davlat xizmatlar soni bugun 280 turdan ortgan. Bugungi kunda ushbu elektron davlat xizmatlaridan 730 mingdan ziyod marotaba foydalanilgan bo`lib, foydalanuvchilarning 44 foizi (326 mingdan ziyod) aholiga va 56 foizi (412 mingdan ziyod) tadbirkorlarga to`g`ri kelgan.

Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq, Yagona portalning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Qarorga ko`ra, elektron davlat xizmatlari foydalanish uchun qulay, ariza beruvchilarning ehtiyojlari hamda manfaatlariga mos kelishi kerak.

Matbuot anjumanida elektron xizmatlar ko`rsatish tizimining takomillashuvi, davlat xizmatlari ko`rsatishning oshkora va umumfoydalanadigan mexanizmlarini yaratish, ularni ko`rsatish muddatlarini qisqartirish va ijro etish tartibini markazlashtirilgan holda nazorat qilish yo`li bilan sifatini oshirish, aholi, tadbirkorlik sub`ektlari va davlat organlarining xarajatlarini qisqartirish haqida fikrlar bildirildi.

Ikki tomonlama muzokara kayfiyatida o`tgan matbuot anjumanida OAV vakillari o`zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan atroflicha javob oldilar.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!