San-Diego aholisi shahar osmonida uchayotgan olovli sharlarni tomosha qildi

10:44, 17 avgust

15 avgust kuni AQShning Kaliforniya shtatidagi San-Diego shahri aholisi osmonda paydo bo`lgan g`alati olovli sharlarni tomosha qildi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.

Bu voqea shahar aeroporti va vokzali joylashgan hududda mahalliy vaqt bilan 21:35 dan 21:37 gacha davom etgan. Hodisa guvohlaridan biri olovli sharlarni “quyi qismi yonayotgan g`alati samolyotlarga” o`xshatgan.

Boshqa bir voqea guvohi esa olovli sharlar G`arb tomonga harakatlangani haqida ma`lumot bergan. Uning so`zlariga qaraganda, avvaliga kichkina olovli dog` paydo bo`lib, sekin-asta kattalashgan va yo`q bo`lgan. Bu holat bir necha marotaba takrorlangan.

NASAning bergan ma`lumotlariga qaraganda San-Diego aholisi Perseid meteorlar oqimining guvohi bo`lgan. Bu voqea har yili yozda Er Svift-Tattl kometasining dum qismidan o`tayotganda ro`y beradi. Uni dunyoning istalgan nuqtasidan kuzatish mumkin. 

Yulduzlar uchishi 20 iyuldan 20 avgustga qadar davom etadi. Ba`zi bir yillari meteorlar uchishini soatiga 200 marotaba kuzatish mumkin bo`ladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!