Ruslan Nuriddinovning onasi: “O`g`limning g`alabasi butun O`zbekistonimiz g`alabasidir”

10:48, 17 avgust

Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o`tayotgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida Ruslan Nurudinov vazni 105 kilogrammgacha bo`lgan og`ir atletikachilar o`rtasida oltin medalni qo`lga kiritdi va Olimpiada chempioni degan yuksak sharafga sazovor bo`ldi

Kuni kecha Hasanboy Do`stmatovning g`alabasini keng nishonlagan va hali zafar quvonchi tark etmagan andijonliklar bugun erta tongdan Ruslan tug`ilib o`sgan Xonobod shahridagi Istiqlol mahallasiga kela boshladi. “Barakalla!”, “Sen zo`rlarning zo`risan, Ruslan!”, degan hayqiriqlar karnay-surnay sadolarini-da bosib ketadi. Hamma hayajonda, tanigan-tanimagan barcha bir-birini “Zafar muborak!”, “Oltin muborak!” deb qutlaydi, bag`riga bosadi. Chempion tug`ilib o`sgan uyni ko`rish, yaqinlarini tabriklash, ularning quvonchiga, hayajoniga sherik bo`lish uchun keluvchilarning adog`i ko`rinmaydi. 

Chempionning xonadoniga Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov hamrohligida bir guruh jamoatchilik vakillari kelib, uning oila a`zolarini qutlaganida Ruslanning onasi, Xonobod shahar markaziy poliklinikasi hamshirasi Gulchehra Nurudinova o`z hayajonini yashira olmadi: 

– Farzandi kamolini, baxtu saodatini ko`rish ona uchun eng ulug` baxt. Uning ortidan olqishlar olish, Vatanga xizmati uchun butun eldan rahmatlar eshitishning quvonchini ta`riflab berolmayman. O`g`limning g`alabasidan butun O`zbekiston xalqi faxrlanayotganini ko`rib boshim ko`kka etmoqda, – deydi Gulchehra opa. – O`g`lim bolaligida mana, ko`rasiz aya, men albatta jahon va Olimpiada chempioni bo`laman, derdi.Prezidentimiz rahnamoligida yosh avlod kamolotiga qaratilayotgan doimiy e`tibor va g`amxo`rlik farzandimning orzu-niyatlari ijobat bo`lishiga zamin yaratdi. Prezidentimiz, ustozlari va xalqimiz ishonchini oqladi. Eng nufuzli musobaqada g`olib chiqib, O`zbekiston shuhrati yanada yuksalishiga hissa qo`shdi. O`g`limning Olimpiya o`yinlaridagi g`alabasi uni voyaga etkazgan, tarbiyalagan, iste`dodini yuzaga chiqargan mustaqil O`zbekiston g`alabasidir. 

Mustaqillik tengdoshi bo`lgan Ruslan o`quvchilik yillaridayoq shahar, viloyat va mamlakat miqyosidagi ko`plab musobaqalar g`olibi bo`ldi. 8-sinfni bitirgach, ustoz va murabbiylari tavsiyasi bilan Toshkent olimpiya zaxiralari sport kollejining maktab bo`limiga o`qishga kirdi. Bu erda u tajribali murabbiylar ko`magida mahoratini oshirib bordi, mamlakat chempioni bo`ldi. Kollejdagi tahsildan so`ng Andijon davlat universitetiga imtiyozli ravishda o`qishga qabul qilindi. Bu yil universitetning magistratura bo`limini bitirmoqda. 

– Shu kecha mahallamizda hech kim uxlamadi, tonggi soat to`rtdan o`tgan bo`lsa-da, hamma televizor qarshisida o`tirdi, – deydi Xonobod shahridagi “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig`ini raisi Hayitxon Egamberdieva. – Tosh ko`tarish navbati Ruslanga etganda keksalar duo qilib turdi, yoshlar, hatto biz, ayollar ham qo`limizni tosh ko`tarishga moslagandek kaftimizni ishqaladik. Ishonmassiz, chempionlik zabt etilganda quvonchdan shunday xayqiriqlar bo`ldiki, go`yo biz ko`tardik shu toshni, biz rekord o`rnatdik! Uzr, muxbir ukam, bular hali hayajonim bosilmaganidan. Mahallamizda sport bilan muntazam shug`ullanadigan yoshlar ko`p. Buning uchun barcha zamonaviy sharoit bor-da! Yoshlarning qay biridan so`ramang, “Men ham Ruslan akamday sportchi bo`laman, Vatanim sharafini ulug`layman. Shunday qilsam, ota-onamga rahmat keltiraman, Prezidentimiz ishonchiga munosib bo`laman”, deydi qat`iy ishonch bilan. Bu davlatimiz rahbari rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirish, sportning ommaviyligini oshirish, shu orqali jamiyatimizda sog`lom turmush tarzini qaror toptirishga qaratilayotgan alohida e`tibor samarasidir. 

Ruslan musobaqa oldidan 92 yoshli buvisi Shamsinur momoning duosini olishni kanda qilmaydi. Rio Olimpiadasiga yo`l olishdan avval ham shunday bo`ldi.

– Nabiram men dunyodagi eng katta sport musobaqasiga ketyapman, momo, menga duo bering, oq yo`l tilang. Men albatta g`olib bo`laman, sizlarning, Prezidentimizning ishonchini oqlayman dedi, – eslaydi Shamsinur momo. – Nabiram so`zining ustidan chiqdi. Bularning barchasi yurtimizdagi tinchlik, Yurtboshimiz rahnamoligida yoshlarga yaratib berilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar samarasidir. Ilohim, yurtimiz doimo tinch, hayotimiz farovon bo`lsin. Xalqimizning yuzi hamisha yorug` bo`lsin, yoshlarimizning qo`li baland kelaversin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!