Olimlar baxtli turmush kechirish kimga bog`liqligini aniqladi

16:27, 17 avgust

Rutgers va Michigan universiteti olimlari erkakning baxtli bo`lishi turmush qurgandan keyin rafiqasining o`zini qanday his qilishiga bog`liq ekanligini aniqladi, deb xabar berdi “Islam-today.ru” nashri. 

To`ydan keyin ayol o`zini qanchalik baxtli his etsa, uning eri ham o`zini juda baxtiyor sezadi. “Chunki, ayol o`zini baxtli his qilgandan keyin erining ko`nglini olishga urinadi. Erkaklar esa his-tuyg`ularini oshkor etishni istamagani bois ularning holati oilaviy turmush sifatiga kuchli ta`sir etmaydi”, deydi Rutgers Universiteti sosiologiya kafedrasi professori Debora Karr. 

Tadqiqot davomida, o`rta hisobda 39 yildan beri birga yashayotgan, 60 yoshdan oshgan 394 nafar juftlikning ma`lumotlari tahlil qilindi.

Er-xotinlar orasidagi munosabatlarga oydinlik kiritish maqsadida ulardan necha marta urishishlari, bir-birlarini tushunishlari va bir-birlarining qadriga etish-etmasliklari haqida savollar berildi. Ulardan birgalikda televizor tomosha qilish, sayr qilish, do`konlarni aylanish so`ralib, 24 soat davomidagi kechinmalarini qog`ozga tushirish so`raldi. Sinov natijasida hayotining barcha jabhalaridan mamnun bo`lgan odamlargina, oilaviy hayotidan qoniqishini bildirdi.

Karrning so`zlariga qaraganda, agar erkak kasal bo`lib qolsa, ayol o`zini baxtsiz, chorasiz his qiladi, ammo erkaklarda bunday emas, bu borada ular ayollardan keskin farq qiladi.

“Agar er kasal bo`lsa, ayolning tahlikaga tushib, elib-yugurishi hech kimga sir emas. Mabodo ayolning biror joyi og`rib, to`shakka mixlansa, u eriga emas, balki o`ziga, qiziga suyanadi”, deb qo`shimcha qildi Karr.

Oiladagi munosabatlar mavzusida tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlar uchun baxtli oila sirini topish mavzusi dolzarb bo`lib qolaveradi. Baxtli oilani dunyoga keltirish ayollarning zimmasida ekanligi yangilik emas. Olimlar o`tkazgan bir qator tadqiqotlar natijasida oiladagi tinchlik, xotirjamlik asosan ayolning his-tuyg`ulariga bog`liqligi, aynan oilada ayol kishi hamma narsani hal etuvchi muhim inson rolini o`ynashini aniqlashdi.

Chikago Universiteti olimlari o`tkazgan tadqiqot natijasida shu narsa aniq bo`ldiki, erkak kishining sog`-salomatligi baxtli nikoh omili bo`lib xizmat qilsa-da, oilaviy baxtni ta`minlay olmaydi. Kuzatuvlar oqibatida er-xotin o`rtasida chiqqan nizo va janjallarda avvalo ayol tinchlanib, o`zini tutib olishini ko`rish mumkin. Baxtli turmush kechirish, ayolning turmushidan roziligiga va o`zini baxtli his qilishiga bog`liq. Er-xotin o`rtasida tushunmovchilik, janjal kelib chiqqanda, ayol o`zini qo`lga ola bilsa, tilini tiysa, bunday juftlik mustahkam va baxtli hayot kechiradi. Tadqiqot davomida oilaviy munosabatlar keksalarning sog`ligiga ham ta`sir qilishi ma`lum bo`ldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!