Ozodlikka qo`yib yuborilgan oltin baliqchalar ashaddiy zararkunandaga aylanmoqda

14:44, 18 avgust

Egalari tomondan hovuzlarga qo`yib yuborilgan oltin baliqchalar keyinchalik katta va ashaddiy zararkunandalarga aylanmoqda, deb xabar berdi “Tjournal.ru” nashri.

Avstraliyaning g`arbida baliqchilik xo`jaligi va baliq tutish markazi xodimlari 12 yildan beri hovuzlardagi oltin baliqlar bilan “jang” qilib keladi. Ularning fikricha, akvariumdagi bezarar baliqchalar yovvoyi tabiat qo`ynida haqiqiy zararkunandaga aylanib, ekotizimni ishdan chiqarar ekan.

Mahalliy Vass (Vasse River) daryosida so`nggi 15 yil mobaynida uy sharoitida saqlanadigan baliq turlari juda ko`payib ketgan. Baliqlarning asosiy qismi egalari tomondan qo`yib yuborilgan, ular tabiatga ziyon keltiradi, yovvoyi tabiat qo`ynida duch kelgan narsani iste`mol qilishadi. O`simliklarni ildizi bilan uzib, daryoni loyqalatishadi, boshqa baliqlarning uvuldirig`ini ham iste`mol qilishadi. Bundan tashqari, turli kasalliklarni tarqatib, yon-atrofidagi yashayotgan boshqa jonzotlarga yuqtiradi.

Tadqiqotchilarning fikricha, pala-partish ovqatlanish oqibatida ular yirik oltin baliqlarga aylanadi. Ba`zi oltin baliqlarning og`irligi 2 kilogrammgacha etgan. Bir yil davomida ular daryoda 200 kilometr yo`l bosishi mumkin.

Yovvoyi tabiat bag`rida ular botqoqlikda yashashni va ko`payishni xush ko`rishadi. Tadqiqotchilar uy sharoitida akvariumda saqlanayotgan baliqlar kerak bo`lmasa, ularni sotib olgan joyga qaytarishni tavsiya qilishmoqda.

“Ular faqat akvariumdagina bezarar ko`rinishadi, tabiat qo`ynida esa juda vahshiy zararkunandaga aylanishadi”, deydi tadqiqotchi Stven Betti.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!