Toshkentda “Ozod yurt to`lqinlari” IX media-festivali bo`lib o`tdi

16:24, 18 avgust

Poytaxtimizda Vatanimiz mustaqilligining 25 yilligiga bag`ishlab “Ozod yurt to`lqinlari” IX media-festivali bo`lib o`tdi

O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan mazkur loyihada O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a`zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi. 

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo`llab-quvvatlash jamoat fondi mablag`larini boshqarish bo`yicha Parlament komissiyasi raisi A.Saidov, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi boshqaruvi raisi F.Abduholiqov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o`rni va ta`sirini kuchaytirish, mazkur yo`nalish rivoji uchun zarur barcha sharoitlarni yaratish, soha xodimlarini qo`llab-quvvatlashga doimiy e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. 

Mamlakatimizda yaratilgan mustahkam qonunchilik bazasi barcha turdagi ommaviy axborot vositalarining erkin va samarali faoliyat ko`rsatishida muhim omil bo`lmoqda. 

Mamlakatimizda kechayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, qo`lga kiritilgan ulkan yutuq va marralarning ahamiyati, bugungi tinch va osoyishta, baxtiyor hayotimizning qadr-qimmatini xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga etkazishda nodavlat teleradio kanallar, bosma va internet nashrlarning ahamiyati o`ziga xosdir. 

Prezidentimizning 2016 yil 2 iyundagi «O`zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish to`g`risida»gi qaroriga muvofiq O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi tomonidan ham istiqlolimizni, jonajon Vatanimizda erishilgan asrlarga tatigulik yutuqlarni tarannum etishga oid ko`plab ijodiy loyihalar o`tkazilmoqda. 

«Ozod yurt to`lqinlari» media festivali hayotiy va ta`sirchan misollar orqali odamlar qalbiga etib boruvchi materiallar tayyorlayotgan tele, radio ijodkorlarni rag`batlantirish, ularni yangi marralar sari ruhlantirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Bu yilgi festival materiallarida “Go`zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O`zbekistonim!” degan shior mazmunining ochib berilishi, yurtimizda kechayotgan ulkan bunyodkorlik va yaratuvchanlik jarayonlarining ahamiyati, osoyishta kunlar shukronasini odamlar qalbi va ongiga teran etkazilishiga alohida e`tibor qaratildi. 

Festivalda jamoat teleradiostansiyalari jamoalari o`z ijodiy ishlari bilan faol qatnashdi. Ijodiy loyihaga taqdim etilgan ishlar «O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 25 yilligiga bag`ishlangan eng yaxshi teleradiomahsulot», «Sog`lom ona va bola yili» Davlat dasturi ijrosini yoritishga qaratilgan eng yaxshi media-loyiha», «Eng namunali telestansiya», «Eng namunali radiostansiya» kabi nominasiyalar bo`yicha aniqlandi. 

Hakamlar hay`ati tomonidan onlayn ovoz berish yo`li bilan turli nominasiyalar bo`yicha g`oliblar aniqlandi. Ularga festival statuetkasi, diplom va esdalik sovg`alari topshirildi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!