Rio–2016. Hasanboy Do`smatov Olimpiadaning eng yuqori texnikali bokschisi deb tan olindi

14:52, 22 avgust

Rio–2016 Olimpiada o`yinlarining boks bo`yicha -49 kilogramm vazn toifasida chempionga aylangan Hasanboy Do`smatov texnikasi eng yuqori bo`lgan bokschiga beriladigan Vel Barker Kubogi sohibiga aylandi, deb xabar bermoqda Sports.uz.

Hamyurtimiz Vel Barker Kubogini qo`lga kiritgan birinchi o`zbekistonlik bokschi bo`ldi. Vel Barker Kubogi 1920 yilda Xalqaro yarimprofessional boks assosiasiyasi tomonidan ta`sis etilgan bo`lib, 1936 yildan buyon Olimpiada o`yinlarida texnikasi eng yuqori bo`lgan bokschiga beriladigan mukofot sanaladi.

Eslatib o`tamiz, Hasanboy Do`smatov chempionlik sari uning yo`lida to`g`anoq bo`lgan meksikalik Xoselito Velaskes, qozog`istonlik Birjan Jakipov, AQSh vakili Niko Ernandes va kolumbiyalik Yuberxen Martinesni mag`lubiyatga uchratdi.

O`zbekiston boks terma jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medalini qo`lga kiritib, mazkur sport yo`nalishida Kuba, Qozog`iston, Fransiya, Rossiya va AQSh singari mamlakatlarini ortda qoldirib, birinchi pog`onani egalladi. 

Umumiy hisobda esa mamlakatimiz delegasiyasi 4 ta oltin, 2 ta kumush va 7 bronza medallari bilan 207 davlat orasida 21-o`rinni zabt etdi. Bu MDH mamlakatlari orasida ikkinchi, O`rta Osiyoda esa birinchi natijadir. 

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!