O`zbekistonda ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshiriladi

15:45, 22 avgust

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshirish to`g`risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni 

Respublika aholisining daromadlari va turmush darajasini yanada muttasil oshirib borish, fuqarolarga ijtimoiy madadni kuchaytirish maqsadida: 

1. 2016 yilning 1 oktyabridan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori o`rta hisobda 1,15 baravar oshirilsin. 

2. 2016 yilning 1 oktyabridan boshlab O`zbekiston Respublikasi hududida eng kam: 

ish haqi – oyiga 149 775 so`m; 

yoshga doir pensiyalar – oyiga 292 940 so`m; 

bolalikdan nogironlarga beriladigan nafaqa – oyiga 292 940 so`m; 

zarur ish stajiga ega bo`lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 179 755 so`m miqdorida belgilansin. 

3. Belgilab qo`yilsinki, ish haqi hamda pensiyalarga qo`shilgan ustama va qo`shimcha haqlarning barcha turlari, eng kam ish haqiga nisbatan belgilangan kompensasiya va boshqa to`lovlar 2016 yilning 1 oktyabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi. 

4. O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, byudjetdan moliyalanadigan tashkilot hamda muassasalar bilan birgalikda pensiyalar, stipendiyalar hamda byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining lavozim maoshlari miqdorini mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda o`z vaqtida qayta hisoblab chiqishni ta`minlasin. 

5. Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog`liq sarf-xarajatlar O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi mablag`lari hisobidan amalga oshirilsin. 

Xo`jalik hisobidagi korxona va tashkilotlar 2016 yilning 1 oktyabridan boshlab mazkur Farmonda belgilangan eng kam ish haqiga muvofiq, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish va mehnat sarfini kamaytirish hisobiga ish haqi miqdorini oshirsin. 

6. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 26 avgustdagi PF–4751-sonli Farmoni (6-bandi istisno qilingan holda) 2016 yilning 1 oktyabridan o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblansin. 

7. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin. 

8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.Mirziyoev zimmasiga yuklansin. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!