Bektemir Meliqo`zievning otasi: “Prezidentimiz ishonchi o`g`limga kuch-g`ayrat bag`ishladi”

17:00, 22 avgust

Rio-de-Janeyro shahrida bo`lib o`tgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarini butun xalqimiz hayajon bilan kuzatib bordi. Garchi masofa juda uzoq bo`lsa-da, yurtimiz sport delegasiyasini ruhan qo`llab-quvvatlab turdi. Sportchilarimizga balli, to`rt yillikning eng nufuzli musobaqasida yuksak natijalarni qayd etib, xalqimiz ishonchini oqladi, O`zbekiston yoshlari hech kimdan kam emasligi va hech qachon kam bo`lmasligini yana bir bor butun dunyoga keng namoyon etdi. 

Boks bo`yicha kumush medalni qo`lga kiritgan Bektemir Meliqo`zievning g`alabasi ham barchamizni cheksiz quvontirmoqda. 

Yurtimizda sportning ko`plab turlari qatori boks ham jadal rivojlanmoqda. Ushbu sport turi bo`yicha har yili yangi-yangi nomlar kashf etilmoqda, abjirligi, kuchi va irodasi bilan jahon ahlini hayratga solmoqda. Ana shunday yoshlardan biri Bektemir Meliqo`zievdir. 

Bektemir 1996 yili Farg`ona viloyatining Furqat tumanida tug`ilgan. Oiladagi muhit unda bolaligidan sportga qiziqish uyg`otdi, 10 yoshidan tajribali murabbiy Ma`ruf Ahmedovdan boks sirlarini o`rgana boshladi. 

Shahar, viloyat va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda mahorat oshirgan bokschi xalqaro maydondagi ilk g`alabasiga 2012 yili Ozarbayjonda erishdi. So`ngra Serbiya, Tailand va Rossiyada o`tkazilgan xalqaro musobaqalarda sovrindorlar safidan joy oldi. 

2014 yili Tailandda o`tkazilgan boks bo`yicha o`smirlar o`rtasidagi Osiyo chempionatida va Bolgariyada bo`lib o`tgan jahon chempionatida oltin medalni qo`lga kiritdi. Namangan viloyati mezbonlik qilgan «Barkamol avlod – 2014» sport o`yinlarida g`olib bo`ldi. Bu musobaqalar Bektemirni Xitoyning Nankin shahri mezbonlik qilgan II o`smirlar Olimpiadasiga puxta tayyorlanishi va unda g`alaba qozonishida muhim ahamiyat kasb etdi. 

Keyinchalik kattalar o`rtasidagi Osiyo chempionatida oltin medalni qo`lga kiritdi. Qatarda o`tkazilgan jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo`lib, XXXI yozgi Olimpiya o`yinlari yo`llanmasini oldi. Albatta, bu yutuqlar osonlikcha qo`lga kiritilgani yo`q. Tinimsiz mashg`ulotlar, murabbiylar o`gitlari, eng muhimi, yaratilgan sharoit, xalqimiz va Prezidentimiz ishonchi hal qiluvchi rol o`ynadi. 

Butun Olimpiada davomida Furqat tumani Shoyimbek qishlog`idagi Ro`zmatjon Sulaymonov xonadoniqarindosh-urug`lar, mahalladoshlar bilan gavjum bo`ldi. Bektemirning finalga qadar kechgan bahslari – avstraliyalik Daniel Jeyson Lyuis, hindistonlik Krishan Vikash, meksikalik Misael Uziel Rodrigezga qarshi barcha janglarini shu xonadonda jam bo`lib tomosha qildi. Uyida shunday holat ekanini har kuni telefon orqali bilib turgan Bektemir bundan ruhiy quvvat oldi, engilishga haqqi yo`qligi, uni butun O`zbekiston kuzatayotganini his etdi. O`zbek o`g`lonining har bir harakatini barcha hayajon bilan kuzatib bordi. Bektemirning o`ziga xos uslubini ko`rgan jahon ahli ham mohir charm qo`lpoq ustasiga tan berdi. Boks bo`yicha vazni 75 kilogrammgacha bo`lgan sportchilar bahsida O`zbekiston sport delegasiyasi hisobiga navbatdagi kumush medalni keltirdi. 

Rio-de-Janeyro Olimpiadasida kumush medal sohibi bo`lgan Bektemirni qutlash uchun shu kuni uning xonadoniga yana yuzlab odamlar keldi. Onasi Navro`za opaning quvonchi cheksiz. Shunday o`g`lonni tarbiyalagan ota-onasiga minnatdorlik bildirildi. 

– O`g`lim erishayotgan g`alabalar Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarning sport bilan shug`ullanishi uchun yaratib berilayotgan keng sharoit va imkoniyatlar samarasidir, – deydi otasi Ro`zmatjon Sulaymonov. – Yoshligimda futbolga qiziqardim, armon bo`lib qoldi. Hozirgiday sharoit, imkoniyat qayda, deysiz?! Men etolmagan orzularga farzandlarim erishayotganini ko`rib, armonlar ham esimdan chiqdi. O`g`limning Rio-de-Janeyro shahrida bo`lib o`tgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlaridagi g`alabasi yurtimizda sportchilarga bo`lgan yuksak e`tiborning amaldagi ifodasidir. Davlatimiz rahbarining katta ishonchi o`g`limga kuch-g`ayrat bag`ishladi. Bunday e`tibor uchun Yurtboshimizdan minnatdormiz. 

B.Meliqo`zievning Olimpiadada qo`lga kiritgan kumush medali Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik bayramiga munosib tuhfa bo`ldi.

Ayni kunlarda yurtimizning barcha joylarida bayram shukuhi kezmoqda. “Go`zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O`zbekistonim!” shiori ostida nishonlanayotgan mustaqilligimizning 25 yillik ayyomi arafasida sportchilarimiz qo`lga kiritgan yutuqlar barchamizga faxr-iftixor bag`ishlamoqda.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!