O`zbekistonda Mustaqillik bayrami arafasida xavfsizlik choralari kuchaytiriladi

10:23, 23 avgust

O`zbekistonda Mustaqillik kuni arafasida jamoat tartibini saqlash, yo`l harakati xavfsizligi va yong`in xavfsizligini ta`minlash hamda favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo`yicha choralar kuchaytiriladi. Bu haqda ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Tursunpo`lat Toshpo`latov O`zAga bergan intervyusida ma`lum qildi.

«Tadbirlarni samarali tashkil etish maqsadida vazirlikning huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyat qidiruv va terrorizmga qarshi kurash, patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash, yong`in, yo`l harakati xavfsizligi bosh boshqarmalari, xorijga chiqish-kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi, „Qo`riqlash“ birlashmasi va boshqa xizmatlarning xodimlari tomonidan tegishli tashkiliy profilaktik ishlar bajarilmoqda», — dedi vazir o`rinbosari.

«Mamlakatimizning har bir go`shasi, ayniqsa, bayram tadbirlari o`tkaziladigan joylar soha xodimlarining alohida e`tiborida. Xavfsizlikni ta`minlash yuzasidan maxsus reydlar o`tkazilayotir. Bu jarayonda mahalliy hokimliklar, jamoat tashkilotlari vakillari, xususan, mahalla fuqarolar yig`inlari raislari faol ishtirok etmoqda. Tadbirlar davomida aniqlanayotgan kamchiliklar, huquqbuzarliklar o`z vaqtida bartaraf etilayotir», — qayd etdi u.

Tursunpo`lat Toshpo`latovning ta`kidlashicha, bayram oldidan barcha tuman, shahar, mahalla va ovullarda ichki ishlar organlari xodimlari va «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi vakillaridan iborat guruhlar tashkil etildi. Ular aholi tinchligini saqlashga oid zarur choralarni ko`rish bilan birga jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash va ularga jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikda profilaktik ta`sir ko`rsatishga oid vazifalarni samarali ado etmoqda.

Patrul-post va jamoat tartibini saqlash xizmati tomonidan aholi gavjum joylarda fuqarolar xavfsizligini ta`minlash, shubhali shaxslar aniqlanganda ularga nisbatan tegishli chora ko`rish, jamoat tartibini buzish holatlari uchraganda uni darhol bartaraf etish choralari yanada kuchaytirilgan. Bayramoldi chora-tadbirlari davomida 8 mingga yaqin huquqbuzarlik aniqlanib, joyida bartaraf etildi.

«Shahar va qishloqlarimizning sanitariya holati, ko`chalarning yoritilishi bilan bog`liq holatlar ham soha xodimlarining e`tiboridan chetda qolgani yo`q. Bu borada uchragan kamchiliklar yuzasidan obodonlashtirish va elektr tarmoqlari korxonalariga olti yuzga yaqin taqdimnoma kiritildi. Natijada kamchiliklar bartaraf etilib, aholiga qulayliklar yaratildi», — IIV rahbarining birinchi o`rinbosari so`zlaridan iqtibos keltirmoqda O`zA.

25 mingga yaqin aholi turar joyi, 1000 ga yaqin ko`p qavatli uyning yong`inga qarshi holati tekshirildi. Olib borilayotgan profilaktik ishlar natijasida yong`in xavfsizligi talablarini buzgan 1500 dan ziyod fuqaro va mas`ul shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi.

«Istiqlolimizning chorak asrlik ayyomi arafasida poytaxtimiz, barcha viloyatlarda yo`llar obodligiga e`tibor yanada kuchaydi. Yo`llar kengaytirilib, zamon talablari asosida qayta bunyod etilib, ularda fuqarolar xafsizligini ta`minlash choralari ta`minlanayotir. Chunonchi, avtomobillar harakatining qarama-qarshi yo`nalishlarini ajratuvchi to`siqlar, alohida piyodalar yo`laklari barpo etilgani juda katta qulayliklar yaratdi. Bundan tashqari, markazlashgan ko`chalarda avtomobillar harakatini kuzatish va tartibga solishga qaratilgan videokuzatuv moslamalari faoliyati yo`lga qo`yilgani yo`l harakati qoidalari buzilishi holatlarining keskin kamayishini ta`minlamoqda. Soha xodimlari barcha ko`chalarda, xususan, bayram tadbirlari o`tkaziladigan maydonlar atrofidagi yo`llarda xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. Ulardagi yo`l belgilari ko`zdan kechirilib, kamchiliklar bartaraf etilmoqda», — qayd etdi Tursunpo`lat Toshpo`latov.

Uning qo`shimcha qilishicha, bayram munosabati bilan poytaxtda xavfsizlikni yanada kuchaytirish maqsadida transport vositalari yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan jiddiy tekshiruvdan o`tkazilmoqda. Bayram arafasida va bayram kunlari poytaxtga kirib kelayotgan transport vositalari qatnovi biroz cheklanishi ham mumkin.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!