Samarqandda harbiy xizmatga jo`natish uchun fuqarolardan pul talab qilgan mansabdorlar jazoga tortildi

12:41, 23 avgust

Jumladan, Samarqand viloyati Paxtachi tumani mudofaa ishlari bo`limida chaqiruv bo`linmasi boshlig`ining katta yordamchisi lavozimida ishlab kelgan Sh.Nazarov garchi harbiy xizmatga jo`natish vakolati bo`lmasa-da fuqarolarni muddatli harbiy xizmatga jo`natish uchun ulardan pul talab qilib kelgan. U O.Rizaqulovni harbiy xizmatga yuborish uchun uning otasi O.Rajabovdan 300 AQSh dollari, fuqaro I.Muxtorovdan uni muddatli harbiy xizmatga jo`natishini va`da qilib, 4 million 500 ming so`m pul olgan, deb yozadi "Zarafshon" gazetasi.

Xuddi shunday holat Urgut tumani mudofaa ishlari bo`limida ham qayd etilgan. Bo`limning chaqiruv bo`linmasi boshlig`ining katta yordamchisi Z.Rasulov garchi vakolat doirasiga kirmasa-da fuqaro N.Ahadovdan uning o`g`li M.Sharipovni muddatli harbiy xizmatga jo`natishni va`da qilib 5 million 165 ming so`m, fuqaro A.Boboqulovdan uning o`g`li M.Baxronovni harbiy xizmatga yuborishini aytib 1000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni qo`lga kiritgan.

Mudofaa bo`limlari faoliyatida hujjatlarning qalbakilashtirilishi holatlari ham uchramoqda.  Jumladan, Bulung`ur tumani mudofaa ishlari bo`limi safarbarlik chaqiruv rezervi bo`linmasi boshlig`ining katta yordamchisi A.Mamatqulov xorijga chiqish huquqini beruvchi ma`lumotlarni qalbakilashtirib kelgan. Misol uchun, tuman mudofaa ishlari bo`limi hisobida chaqiriluvchi sifatida ro`yxatda turgan fuqarolar T.Nishonov, T.Xalilov va X.Norqulovlarga xorijga chiqish huquqini beruvchi ma`lumotnomalarni qalbakilashtirgan holda tayyorlab bergan. Tuman mudofaa ishlari bo`limi boshlig`i imzosini soxtalashtirgan va muhr qo`yilishi lozim bo`lgan hujjatlar orasida qalbaki ma`lumotlarni ham chalg`itish yo`li bilan muhrlattirgan. 

Mazkur holatlar yuzasidan aybdorlarga qonun doirasida jazo belgilandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!