O`zbekistonlik yosh matematiklar Tailanddagi xalqaro musobaqada 2-o`rinni egalladi

15:05, 23 avgust

Joriy yilning 14–20 avgust kunlari Tailand Qirolligining Chiang Mai shahrida bo`lib o`tgan matematika bo`yicha xalqaro musobaqada o`zbekistonlik o`quvchilar ishtirok etib, ikki nafari yakkalik bahslarida bronza medaliga sazovor bo`ldi. Jamoaviy bahslarda esa ikkinchi o`rinni egalladi. Bu haqda O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
 
Ushbu nufuzli musobaqa Xalqaro olimpiadalar reestridan o`rin egallagan bo`lib, unda har yili 30 dan ortiq davlatdan iqtidorli o`quvchilar qatnashib kelmoqda. Joriy yilda tashkil etilgan olimpiadada 31 ta davlatdan 600 nafardan ziyod iqtidorli o`quvchilar ishtirok etdi.

Xalqaro matematika musobaqasi ikki bosqichda: shaxsiy va jamoalar o`rtasidagi bellashuvda o`tkazildi. Shaxsiy bellashuvda o`quvchilarga 15 ta masala taqdim etildi va bellashuv natijalariga ko`ra Neymatov Eldor va Hasanov Shaxboz bronza medali, Norboev Jahongir va Maxmudov Shoxbek faxriy yorliq bilan taqdirlandi.

Shuningdek, jamoalar bellashuvida birgalikda echish uchun 10 ta masala taqdim etildi, shundan O`zbekiston jamoasi a`zolari 8 ta masalani to`liq echib ikkinchi o`rinni egalladi va musobaqa kubogi bilan taqdirlandi.

Eslatib o`tamiz, o`zbekistonlik maktab o`quvchilari 13—14 avgust kunlari Singapurda o`tkazilgan matematika bo`yicha xalqaro olimpiadada beshta oltin medalni qo`lga kiritgandi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!