Giyohvand moddalar savdosi shug`ullangan jinoiy guruh fosh etildi

12:48, 24 avgust

Bugun giyohvandlik qanchalar mudhish illat ekanini tushuntirib o`tishga aslo hojat yo`q. Har birimiz uning halokatlariyu, oqibatlarini yaxshi bilamiz. Giyohvand moddalarni etishtirish, sotish, etkazib berish, saqlash, vositachilik qilish singari har qanday qilmish jinoyat ekani, bunday ishga qo`lga urganlar qonun oldida javob berishi ham hech kimga sir emas. 

Ammo, negadir bu illat ham, u bilan bog`liq jinoyatlar ham tag-tugi bilan yo`qolib ketmayotgani achinarlidir. Har yili giyohvand moddalar bilan bog`liq minglab jinoyatlar fosh etiladi, qanchadan-qancha jinoyatchilar javobgarlikka tortiladi, tonnalab narkotik moddalar yo`q qilinadi. Shu bilan birga bu ofat har yili qanchadan insonlarning umriga zomin bo`ladi, ne-ne oilalarni parokanda qiladi...

Bu  galgi qahramonlarimiz ham bu haqiqatni bilmagan bo`lishi  mumkin emas. Ammo, ular baribir nafs yo`rig`iga yurib, noqonuniy hatti-harakat sodir etganliklari sabablari yuzlari shuvut bo`lib qoldi. 

Ularning eng kichiga allaqachon qirq yoshdan, kattasi esa ellikdan oshib qolgan bo`lsa-da, hamon oq-qorani ajrata olishmaganga o`xshaydi. Tergov ma`lumotlariga ko`ra, Valeriy Lozovskiy, Georgiya Sarkisyans, Vladislav Aganov hamda Pavel Yurchenkodan iborat bo`lgan bu jinoiy guruh anchadan beri narkotik moddalar oldi-berdisi bilan shug`ullanib kelishgan.  

Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi, deb bejiz aytishmagan. Jinoiy guruhning xatti-harakatlari anchadan beri huquq-tartibot idoralari e`tiborini tortib kelardi. 

2015 yilnimng 4 mart kuni “A” ismli fuqaro milliy xavfsizlik xizmatining hududiy boshqarmalaridan biriga ariza bilan murojaat qilib, Valeriya Lozovskayadan uch o`ram giyohvand modda sotib olganini ma`lum qildi. Kimyoviy ekspertiza taqdim etilgan ashyoviy dalilning 0,45 gramm miqdoridagi “gashish” moddasi ekanini aniqladi. 

Surishtiruvlar natijasida, mazkur jinoyat zanjirining ilk xalqasi Pavel Yurchenkoga borib taqalishi ma`lum bo`ldi. Aniqlanishicha, 2015 yilning 3 mart kuni Vladislav Aganov bilan poytaxdagi “Shosh” restorani oldida uchrashgan unga sotish uchun to`rt o`ramdagi “gashish”ni tutqazgan. Vladislan “og`u”ni shu kunning o`zida 200 ming so`m evaziga navbatdagi “xalqa” – Georgiy Sarkisyansga, u esa, Valeriy Lozovskiyga  etkazib bergan. Valeriy o`ramlardan birini o`zida olib qolgan va qolganlarini fuqaro “A”ga pulllagan.

Bu holat ertasi kuni ham davom etdi. V.Aganov P.Yurchenkodan olgan 2 o`ram “zahri qotil”ni G.Sarkisyansga 100 ming so`mga pullaydi. Shu tariqa “mahsulot” eski yo`nalish orqali, dastlab V.Lozovskiyga, keyin fuqaro “A”ga etkaziladi. Fuqaro “A” esa bu gal ham o`z burchiga sodiq holda, ikki o`ramdagi 0,3 gram “gashish”ni Milliy xavfsizlik xizmati xodimlariga topshiradi. 

Voqealar xuddi shu ko`rinishda yana uch marotaba – 10, 12 va 17 mart kunlari takrorlanadi. Fuqaro “A” esa, har gal olgan giyohvand moddalarni huquq-tartibot xodimlariga  keltirib topshirar, organ xodimlari ularni ekspertizadan o`tkazib, “ashyoviy dalil” sifatida to`pldamoqda edilar. 

17 mart kuni, ya`ni beshinichi “uchrashuv”da Valeriyning “muhim ishlari” chiqib qoldimi, fuqaro “A” “mahsulot”ni G.Sarkisyansning qo`lidan olishiga to`g`ri kelgandi.  Ammo, o`sha kunning o`zida G.Sarkisyansni Toshkent shahar IIBB xodimlari qo`lga olishdi. Uning yonidan uch o`ramdagi jami 0,53 gramm gashish giyohvandlik moddasi topildi. 

Ertasi kuni tartib posbonlari “Shosh”restorani oldida Pavel Yurchenko boshqaruvidagi 01 F 717 AA raqamli “Lasetti”ni to`xtatishdi va uni tekshirib ko`rishdi. Natijada mashinaning chap tomondagi old eshigidan erkaklar dastro`moliga o`ralgan olti o`ram giyohvand moddaga duch kelishdi. 

Surishtiruvlarda P.Yurchenko ushbu giyohvand moddalarni tergovda aniqlashning imkoni bo`lmagan noma`lum shaxsdan sotib olganini bildirdi. 

Shu tariqa, jinoiy guruhning boshqa a`zolari ham birma-bir qo`lga olindi. Tergov va surishtiruv paytida ular  bir-birini tanimasligi, til biriktirishmaganini aytib, o`zlarini oppoq ko`rsatishga urinishsa-da, ashyoviy dalillar, guvohlarning ko`rsatmalari natijasida haqiqat qaror topdi. 

Jinoyat ishlari bo`yicha Yashnobod tuman sudi jinoyatning barcha ishtirokchilarining qilmishlarini huquqiy jihatdan baholab, har birini qilmishiga yarasha tegishli jazolarga mahkum etdi.

Ha, har bir jinoyat o`z bahosini, jinoyatchi esa, tegishli jazosini olishi shart. Shunda, hayotimiz yanada farovon, oilalarimiz mustahkam, qalblarimiz xotirjam bo`ladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!