G`aroyibot: Ijara uydagi tovush

15:37, 24 avgust

“Uydagilarimizdan arzon ijara uy topganimiz haqida suyunchi ham oldik”

Bu voqeani yozib yuborgan muxlisimiz o`zining hali talaba ekanligini, hayratomuz hodisani esa yaqindagina boshidan kechirganini bildirgan. Mansur Hayitmetov ismli mushtariyning nomasini e`tiboringizga havola qilamiz...

Aslida talaba bo`lishni orzu qilib yurgan chog`larimda talabalar yotoqxonasida kursdoshlarim bilan yashashni, oltin davrni unutilmas tarzda o`tkazishni reja qilardim. Ammo har doim ham sizning aytganingiz bo`lavermas ekan. Men o`qishga kirgan yilim, amakimning o`g`li ham talaba bo`ldi. Aynan shu amakimning shaharda uyi borligi sabab, meni uylariga chaqirdi. Avvalo, o`qishga kirganim bilan tabrikladi va o`z rejalarini aytib o`tdi:

—  Mansur, yana yotoqxonadan joy olaman deb yurma. Mana, amakivachchang bilan birga bizning uyda yashayverasizlar. O`qishlaringga ham yaqin. Yana qo`shniga tayinlab qo`yaman, sizlarga ko`z-quloq bo`lib turadi. Menam xotirjam bo`laman, sizlar ham sayyoh yurmaysizlar.

—  Xuddi ko`nglimdagi gap bo`ldi-da, — dedi otam ham bu gapdan quvonib. 

Shu bilan amakimning o`g`li ikkimiz shahardagi uyda yashaydigan bo`ldik. Yarim yilcha biz ham, uydagilar ham xotirjam yashadik. Ammo yarim yildan so`ng amakimning ishlari yurishmay, uyni sotadigan bo`lib qoldi. Tabiiyki, biz endi ijara uy topishimiz zarur edi. Chunki talabalar yotoqxonasidagi barcha xonalar ham yil boshida band bo`lib bo`lgan. 

—  Mening ikkita kursdosh o`rtog`im bitta ijara uyda turadi. Shularning yonidan joy olsak-chi? — deb qoldi amakivachcham.

—  Puli qanaqa bo`ladi, unda?

—  To`rtalamizning o`rtamizda bo`linadi. 

—  Yaxshi. Arzon ham tusharkan, — dedim kayfiyatim ko`tarilib. 

Ammo bu rejamiz amalga oshmadi. Chunki ijara egasi “Agar to`rt kishi tursalaring ijara haqi oshadi”, debdi. Bundan hafsalamiz pir bo`ldi. Alohida ijara uy qidirishga tushdik. Talaba uchun narx birinchi o`rinda turadi. Biz ham arzon uy qidirarik. Oxiri topdik ham. Hovli ekan. 

—  Uy toza, keng, hamma narsasi bor. Faqat ozoda saqlasalaring bo`ldi, — dedi millati boshqa bo`lgan, keksa kampir o`zbek tilida zo`rg`a so`zlab. — Qizlarni olib kelishni xayollaringga ham keltirmalaring. Men mana bu ro`paradagi “dom”da turaman.

—  Xo`p, xo`p, — dedik ikki qo`limiz ko`ksimizda bo`lib. 

Ich-ichimizdan ikkimiz ham xursandmiz. Arzonga butun jihozlari bo`lgan ijara uyga ega bo`ldik axir.

—  Kampir narx-navoni bilmaydi, shekilli, — deb qo`yadi amakivachcham ham og`zi qulog`idan beri kelmay. 

Terimizga sig`may kechgacha narsalarimizni joyladik. Uydagilarimizdan arzon ijara uy topganimiz haqida suyunchi ham oldik. Kechki ovqatni eb bo`lganimizda ham dimog`imiz chog` edi. Endi uxlash uchun tayyorgarlik ko`rayotganimizda kutilmaganda filmlardagi kabi minaning chiyillashiga o`xshash ovoz eshitildi. Faqat tovush past edi. 

—  Tashqarida nimadir bo`lyapti-yov, — dedi amakivachcham. 

—  Uy ichidamasmi?

Bu savolimdan u ham ikkilanib qoldi. Biroz vaqt o`tganidan keyin esa bemor odamning inqillashini eslatuvchi ovoz yana bizni sergaklantirdi. Xullas, o`sha tun bu voqea ikki-uch marta takrorlandi. Men o`zimdan o`tganini o`zim bildim. Lekin sezdimki, amakivachcham ham qo`rquv ichida qoldi. 

Amallab tongni orttirib, darsga jo`nadik. Nazarimda tungi voqea ikkalamizning ham yodimizdan ko`tarildi. Faqat kechki payt yana takrorlanganda sergaklandik. Zo`rg`a bir haftani o`tkazdik va oxiri ijarachi kampirdan so`rashga majbur bo`ldik. 

—  Shuning uchun ham arzonda bu uy. Agar chidasalaring yashayveringlar. Beziyon ovoz u. Qaerdan kelishini bilmayman, — dedi momo bizning ketib qolishimizdan xavotirlanib. 

Ammo nima qilaylik? Biz bu uyni tark etdik. “Arzonning oshi tatimas”, deb shunga aytishsa kerak-da!

KAMINA oqqa ko`chirdi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!