Rio–2016 Olimpiadasida muvaffaqiyatga erishgan sportchilar faxriy unvonlar va ordenlar bilan mukofotlanadi

09:56, 25 avgust

Rio–2016 Olimpiada o`yinlarida munosib ishtirok etib, katta muvaffaqiyatga erishgan bir qator o`zbekistonlik sportchilar faxriy unvonlar va ordenlar bilan mukofotlanadi. «O`zbekiston Mustaqilligining yigirma besh yilligi munosabati bilan fan, ta`lim, sog`liqni saqlash, adabiyot, madaniyat, san`at, ma`naviyat va ma`rifat, ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonida ularning ism-shariflari keltirildi. Farmon matni O`zA agentligida e`lon qilindi.

Jumladan, boks bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zolari G`oibnazarov Fazliddin Hasanboevich, G`iyosov Shaxram Jamshidovich, Do`smatov Hasanboy Ma`rufjon o`g`li, Zoirov Shahobiddin Shokirovich, Meliqo`ziev Bektemir Ro`zmatjon o`g`li «O`zbekiston iftixori», og`ir atletika bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi Nurudinov Ruslan Shamilevich va dzyudo bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi Sobirov Rishod Rashidovich «El-yurt hurmati», boks bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zolari Ahmadaliev Murodjon Qahhor o`g`li va To`laganov Rustam To`lqin o`g`li, erkin kurash bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zolari Ibragimov Magomed Idrisovich va Navro`zov Ixtiyor Karimovich, dzyudo bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi O`rozboev Diyorbek Baxtiyor o`g`li «O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan sportchi», yunon-rum kurashi bo`yicha O`zbekiston milliy terma jamoasi a`zosi Tasmuradov Elmurat Zulipxar-uli «Mehnat shuhrati» unvon va ordenlari bilan taqdirlanadidi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!