Qobuldagi Amerika universitetiga hujum uyushtirgan jangarilar yo`q qilindi

11:33, 25 avgust

Afg`oniston huquq-tartibot idorasi xodimlari Qobuldagi Amerika universitetiga hujum uyushtirgan 2 jangarini yo`q qildi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.

Jangarilarni qo`lga olish maxsus tadbiri kechasi bilan, 25 avgust tongiga qadar davom etdi. Hozirda voqea joyida huquq-tartibot idorasi xodimlari ish olib borib, jinoyat qurolini o`rganmoqda.

Afg`oniston hukumati bergan ma`lumotga ko`ra, jangarilarning hujumi tufayli 12 kishi halok bo`lgan, ular orasida universitet qorovuli va 7 talaba bo`lgan. 44 kishi yaralangan, shulardan 35 nafari talabalardir. 

Chet ellik o`qituvchi ham jarohat olgan. Nufuzli oliy o`quv yurtidan 700 nafar talaba evakuasiya qilingan.

Jangarilar chorshanba, 24 avgust kuni kechqurun 1700 nafar talaba o`qiydigan Amerika universitetiga bostirib kirgan. Kirishdan oldin ular bomba portlatgan. Talabalarning aksariyat qismi orqa eshik orqali qochishga ulgurgan, boshqalar bino ichida qamalib qolgan. Qutulish maqsadida, ko`pchilik yuqori qavatlardan pastga sakrab, turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

Guvohlarning ma`lumot berishicha, universitetda yuqori darajada xavfsizlik choralari ko`rilganiga, qorovullarning qurollanganiga qaramay, jangarilar oliy o`quv yurtiga bostirib kirgan. Jangarilar mazkur oy davomida ikkinchi marotaba bu oliy o`quv yurtiga hujum qilgan. Ular yo`l-yo`lakay amerikalik va avstriyalik o`qituvchilarni garovga olgan.

Hozircha hujumni hech qaysi terrorchilik tashkiloti o`z bo`yniga olmagan. So`nggi oylarda hududida “Tolibon” va “Islom davlati” terrorchilik guruhi faol bo`lgan Afg`onistonda vaziyat keskinlashgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!