“Afrosiyob” poezdi ilk marta Toshkentdan Buxoroga yo`l oldi

14:40, 25 avgust

Istiqlolning 25 yillik shodiyonasi arafasida soha xodimlari tomonidan yurtdoshlarimizga yana bir munosib sovg`a hozirlandi. Bugun Toshkent – Buxoro yo`nalishida "Afrosiyob" yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy elektr poezdining ilk qatnovi amalga oshirildi. Bu haqda “O`zbekiston temir yo`llari” AJ axborot xizmati xabar bermoqda. 

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 26 martdagi "Samarqand-Buxoro temir yo`lini elektrlashtirish va yuqori tezlikdagi yo`lovchi poezdlar harakatini tashkil etish loyihasini amalga oshirish chora – tadbirlari to`g`risida"gi qarori asosida o`tgan yilning aprel` oyida "Samarqand-Buxoro" yo`nalishidagi mavjud liniya yo`llarini rekonstruksiya qilish, yangi po`lat izlarni yotqizish hamda elektrlashtirish ishlari jadal sur`atlarda boshlab yuborilgan edi. 25 avgust kuni ushbu loyiha to`liq nihoyasiga etkazilib foydalanishga topshirildi hamda "Toshkent-Buxoro" yo`nalishida "Afrosiyob" yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poezdining ilk qatnovi amalga oshirildi.

Mazkur yo`nalishdagi temir yo`lning uzunligi 259 kilometrdan iborat. Umumiy qiymati qariyb 400 million AQSh dollarini tashkil etuvchi ushbu loyihani amalga oshirish uchun bor yo`g`i 16 oy vaqt sarflandi. Loyiha doirasida 16,2 million kubmetr tuproq ishlari, shuningdek, 146 kilometrlik "Maroqand-Navoiy" uchastkasida er ko`tarma ishlari bajarilib, yangi temir yo`l to`liq yotqizilganini alohida ta`kidlash joiz. Navoiydan-Buxorogacha bo`lgan masofada esa mavjud po`lat izlar to`liq rekonstruksiya qilindi. Bundan tashqari ushbu yo`nalishda jami 222 ta sun`iy inshoot, shu jumladan, 1 ta piyodalar o`tish yo`lagi, 4 ta yo`l o`tkazgich va 4 ta ko`prik qurib bitkazildi. Shuningdek, ushbu hududda poezdlarni bir maromda elektr quvvati bilan ta`minlab beruvchi 4 ta elektr tortish stansiyalari binolari ham tiklandi hamda ular eng zamonaviy texnik jihozlar bilan ta`minlandi. 1000 nafardan ortiq ishchilar, temir yo`lchilar, mutaxassislar issiqni issiq, sovuqni sovuq demay demay, ishni qizg`in olib borishdi.

Magistralning ikki tomonida deyarli 500 kilometrdan ziyod masofaga metall to`siqlar o`rnatildi. Mazkur qurilishga 220 yaqin zamonaviy texnika jalb etildi.

Kattaqo`rg`on shahrida bir yo`la yuz nafar yo`lovchiga bugungi kun talablari darajasida xizmat ko`rsatish imkoniyatiga ega bo`lgan yangi, zamonaviy vokzal binosi qad rostladi. Loyiha doirasida Buxoro vokzali tubdan rekonstruksiya qilindi. Eski, ko`rimsiz vokzal o`rnida bugun zamonaviy, xalqaro standartlarga mos, bir vaqtning o`zida 300 nafardan ziyod yo`lovchiga xizmat ko`rsatishga mo`ljallangan muhtasham vokzal binosi qadim va ko`hna shaharga yanada ko`r bag`ishlamoqda. Keng va yorug` kutish zali, chiptaxonalar, ona-bola va tibbiyot xonasi, shuningdek, xorijlik sayyohlarni kutib olish, kuzatishni tashkil etishga xizmat kiluvchi barcha shart-sharoitlarga ega ko`rkam maskan barpo etilib, Vatanimiz mustaqilligining 25 yillik bayramiga munosib tuhfa bo`ldi. Eng muhimi, ayyom arafasida poytaxtdan Buxoroga xorijda ishlab chikarilgan "Afrosiyob" yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poezdining ilk bor qatnovi yo`lga qo`yildi.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, bugungi kungacha yo`lovchilar Toshkentdan Buxorogacha 600 kilometrdan ortiq masofaga temir yo`l orqali 7-8 soatda etib borishgan bo`lsa, endilikda 3 soatu 20 daqiqada o`z manzillariga zamonaviy poezdlarda etib olishlari mumkin.
Mutaxassislarning izohlashicha, mazkur loyihaning foydalanishga topshirilishi natijasida temir yo`l uchastkasining o`tkazish imkoniyati 36 foizga oshadi, ekspluatasiya xarajatlari esa 36 foizga kamayadi. Eng asosiysi, ushbu yo`nalishda yana 200 dan ortiq yangi ish o`rinlari yaratiladi.

E`tiborli tomoni shundaki, ushbu hududda yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektr poezdlari qatnovi yo`lga qo`yilgandan so`ng, yurtimizda bunday poezdlar harakatlanadigan temir yo`llar uzunligi 700 kilometrdan ortdi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!