Toshkent – Andijon poezdi qatnovi yo`lga qo`yildi

12:24, 29 avgust

Mustaqillikning yigirma besh yillik bayrami arafasida qurilishi yakunlangan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo`li orqali 27 avgust kuni yo`lovchi poezdi Toshkentdan Andijonga yo`l oldi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Prezidentimiz Islom Karimov 2013 yil 26 aprel kuni xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Angren – Pop yo`nalishida elektrlashtirilgan temir yo`l qurilishi rejalashtirilgani, 2016 yilda bu temir yo`l qurib bitkazilishi va poezd qatnovi yo`lga qo`yilishini ta`kidladi. 

Ana shu so`zlarning isboti sifatida qisqa vaqtda 123,1 kilometrlik Angren – Pop temir yo`li va uning tarkibida 19,2 kilometrlik Qamchiq tunneli qurib bitkazildi. 
2016 yil 22 iyun kuni O`zbekiston va Xitoy hamkorligining yirik loyihasi ijrosi bo`lgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo`li hamda Qamchiq tunnelining rasmiy ochilish marosimi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin ishtirok etdi. 

Bu bilan mamlakatimizda yaxlit, mustaqil va zamonaviy temir yo`l tizimi yaratildi. Ulkan strategik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo`lgan mazkur loyiha mamlakatimizning kommunikasiya va transport sohasida erishgan taraqqiyoti darajasini namoyon etdi. 

Mazkur yo`l Farg`ona vodiysi viloyatlariga poezdda yuk va yo`lovchi tashish imkonini beradi. Shu bilan birga, Xitoy – Markaziy Osiyo – Evropa yangi xalqaro tranzit temir yo`l koridorining eng muhim bo`g`ini bo`lib xizmat qiladi. O`zbekistonning chet davlatlarga chiqish va eksport imkoniyatini, yurtimizning tranzit rolini kengaytirish borasidagi salohiyatini keskin oshiradi. 

...Poezd Angren, Pop, Qo`qon va Marg`ilon shaharlaridan o`tib, Andijon shahriga etib keldi. Bu erda hozir bo`lganlar mehmonlarni karnay-surnay va gullar bilan kutib oldi. 

Andijon temir yo`l vokzalida ushbu voqea munosabati bilan tantanali marosim bo`lib o`tdi. 

Andijon viloyati hokimi Sh.Abdurahmonov, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi raisi F.Dadaxo`jaev, “O`zbekiston temir yo`llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi O.Ramatov, Namangan davlat universiteti professori T.Fayzullaev, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori S.Foziljonova va boshqalar Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo`li va Qamchiq tunnelining foydalanishga topshirilishi mamlakatimiz iqtisodiy salohiyati yanada taraqqiy etishiga, xalqimiz turmush farovonligi bundan-da yuksalib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi ortishiga xizmat qilishini alohida ta`kidladi. 

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari B.Zokirov so`zga chiqdi. 

Shu kuni poezd Andijondan poytaxtimizga qaytib keldi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!