Ta`lim muassasalarida yangi o`quv yili qaysi kundan boshlanishi ma`lum qilindi

10:49, 30 avgust

Mustaqillikning 25 yilligi nishonlanishi munosabati bilan 4 sentyabr yakshanba dam olish kuni 2 sentyabr juma kuniga ko`chirilgani haqida xabar berilgan edi.

Mazkur qaror natijasida ko`pchilikda savollar paydo bo`lmoqda. “Talabalar qaysi kundan o`qishga chiqishadi?”, “Birinchi qo`ng`iroq qaysi kuni bo`ladi?”, “Bog`chalar qaysi kundan ishlashni boshlaydi” va h.k. Ushbu savollarga huquqshunos Xushnudbek Xudoyberganov izoh berdi.

Oliy ta`lim muassasalarida yangi 2016/2017 o`quv yili 4 sentyabr, yakshanba kunidan boshlanadi. Bu haqida 28 avgust kuni Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi barcha OTM rektorlari va filiallar direktorlariga yo`llagan №87-04-1393-sonli xatda ma`lum qilingan.

Shuningdek, maktablar, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida ham yangi o`quv yilining dastlabki kuni 4 sentyabr, yakshanba kuni etib belgilandi.

Maktabgacha ta`lim muassasalarida ham 1, 2 va 3 sentyabr kunlari dam olish kuni bo`ladi va 4 sentyabr, ya`ni yakshanba kunidan ota-onalar o`z farzandlarini bog`chalarga olib borishlari mumkin bo`ladi.

Ishchilarga keladigan bo`lsak, mazkur qaror 5 kunlik ish haftasiga ham, 6 kunlik ish haftasiga ham taalluqli.

Bu degani 5 kunlik ish haftasida, ya`ni shanba rasman dam olish kuni bo`lgan tashkilot xodimlari 1, 2, 3 sentyabr kunlari dam olishadi va 4 sentyabr, ya`ni yakshanba kuni ishga chiqishadi.

6 kunlik ish haftasida, ya`ni shanba kuni rasman ish kuni bo`lgan tashkilot xodimlari 1 va 2 sentyabr kuni dam olishadi, 3 va 4 sentyabr kunlari odatdagidek ishga chiqishadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!