Dubay amiri ish vaqtida joyida bo`lmagan 9 nafar amaldorni vazifasidan chetlatdi

15:05, 30 avgust

Birlashgan Arab Amirliklari bosh vaziri va Dubay amiri shayx Muhammad to`satdan o`tkazilgan tekshiruv vaqtida ish joyida bo`lmagan yuqori mansabli 9 nafar amaldorni ishdan bo`shatdi, deb xabar berdi “Tjournal.ru” nashri. 

Yakshanba kuni ertalab, shayx Muhammad hukumat idoralarida, Dubay aeroportida, iqtisodiy rivojlanish va er masalalari bilan shug`ullanuvchi departamentda to`satdan tekshiruv o`tkazdi. BAA da boshqa musulmon mamlakatlari kabi, juma dam olish, yakshanba esa haftaning birinchi kuni hisoblanadi. 

Bir qancha hukumat idoralarini aylangan shayx Muhammad amaldorlarning ish joylarida yo`qligini ko`rgan. Ertasi kuni shayx Muhammad 9 nafar amaldorni ishdan bo`shatish haqida buyruq bergan. Ularning orasida huquqiy masalalarni hal etuvchi departmentning ijrochi direktori, apparat ma`muriyati direktori, bosh direktor muovini va ularning bir qancha yordamchilari bo`lgan. 

Shayx Muhammad ularni ishdan bo`shatib, “Kelajak avlod rahbarlariga rivojlanishning kelgusi bosqichida mas`uliyat va javobgarlikni his qilish bo`yicha” ibrat namunalarini ko`rsatmoqchi bo`lgan. BAA bosh vaziri ishdan bo`shatilgan amaldorlarga kelgusi ishlarida muvaffaqiyatlar tilab, shu paytgacha qilgan xizmatlari uchun minnatdorchilik bildirgan.

67 yoshli shayx Muhammad 2006 yildan beri Dubayga rahbarlik qilib keladi. U shaxsan bir qancha — shu jumladan Emirates avia yuk tashuvchi kompaniyasining, mashhur Burj-al- Arab mehmonxonasining, Palma orollarining iqtisodiy rivojlanishida etakchilik qilgan.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!