Gepatit A yuqmasin desangiz...

15:56, 30 avgust

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, issiq mavsum virusli kasalliklar eng avj olgan palla hisoblanadi. Masalan yoz boshlanishi bilan oshqozon-ichak infeksiyasi, teri va allergik xastaliklar keng tarqala boshlaydi. Shuningdek, bu mavsumda yuqumli Gepatit kasalligi ham birmuncha xavf tug`diradi, xususan Gepatitning A turi. Xo`sh, bu qanday xastalik? Qaerdan yuqishi mumkin va asoratlari qanaqa? Mazkur sahifamizda  soha mutaxassisi orqali ushbu savollarimizga javob olamiz va kasallikdan himoyalanish yo`llarini o`rganamiz.

BIZDA QAYSI TURI KO`PROQ UChRAYDI?

Kudasheva L, Respublika DSENM epidemiologiya bo`limi mudiri:

—  Virusli gepatit A kasalligi– bu o`tkir yuqumli jigar kasalligi hisoblanib, qo`zg`atuvchisi gepatit A kasalligi virusi hisoblanadi. Har yili o`n millionga yaqin odam ushbu kasallikka chalinadi. O`zbekiston Respublikasida virusli gepatitlarning A, V, S turlari ko`proq uchraydi. Maktabgacha yoshda bo`lgan bolalar va kichik maktab yoshidagi bolalar boshqalarga nisbatan ko`proq kasallanadi. 

VIRUSNING YuQIShI...

—  Inkubasion davri, yani virusning organizmga tushishi va kasallikning ilk belgilari paydo bo`lishi 15 kundan 50 kungacha bo`lgan davrni o`z ichiga oladi. Kasallikning yuqish yo`li alimentar yo`l bilan–virus bilan zararlangan oziq-ovqat maxsulotlari, suv, o`yinchoqlar va iflos qo`l orqali yuqadi. Virus tashqi muxitga chidamli 60°C haroratgacha bo`lgan chuchuk va sho`r suvda bir necha oylab saqlanishi  mumkin. 

XASTALIK ALOMATLARI

—  Gepatit A kasalligi jigar to`qimalarini yallig`lanish va nekrozli o`zgarishlarga va intoksikasiya(zaxarlanish) sindromlarini paydo bo`lishiga, jigar va taloqni kattalashishi, jigar faoliyatining klinik va laborator buzilishlari, sariqlik belgilarining paydo bo`lishi, siydik rangini to`q rangga kirishi va axlatni rangsizlanishi bilan xarakterlanadi.Klinikasida quyidagi simptomlar namoyon bo`ladi: xolsizlik va darmonsizlik, ishtaxa yo`qolishi, ko`ngil aynish va qayt qilish, mushaklarda og`riq. Yashash va ish joylarining sanitariya jixatdan qoniqarsiz xolatda bo`lishi, shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilmaslik, axolining zichligi, oziq-ovqat maxsulotlarini tayyorlash qoidalarini buzilishi, sifatsiz ichimlik suvidan foydalanish viruslarning ko`payishiga sharoit yaratadi.

VIRUSLI GEPATITDAN HIMOYaLANIShNING 6 MUHIM QOIDASI:

•  Sog`lom turmush tarziga rioya qilish;
•  Shaxsiy gigiena qoidalariga rioya qilish, ovqat tayyorlash va ovqatlanishdan oldin, jamoat joylariga va xojatxonaga borgandan so`ng qo`lni yaxshilab sovunli suvda yuvish;
•  Oziq-ovqat maxsulotlarini tayyorlash va saqlash jarayonlarida sanitar-epidemiologik qoidalarga rioya qilish;
•  Meva va sabzavotlarni iste`mol qilishdan oldin oqar suvda yaxshilab yuvish va so`ngra qaynagan suvda yuvish;
•  Yashash joy gigienasiga rioya qilish: xonalarni shamollatish va namli tozalov ishlarini olib borish;
•  Pashshalarga qarshi- ichak infeksiyalarini tashuvchilariga qarshi kurash.

YoDDA TUTING!

Profilaktik qoidalar kundalik  turmush tarzingizga aylanishi kerak.
Virusli gepatit A kasalligiga eng samarali usul bu virusli gepatit A kasalligiga qarshi emlashdir.

Farida EGAMBERDIEVA tayyorladi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!