Hech bir davrda o`tkazilmagan Ijtimoiy so`rov natijasi – O`zbek xalqi Islom Karimov bilan

15:24, 02 sentabr

Ochig`i, (ayniqsa siyosiy masalalarda) quruq maddohlikni, tilyog`lamalikni jinim suymaydi. Odatda bu «hunar» bilan boshqa ishni qoyil qila olmaydiganlar, «ichi puch», ikkiyuzlamachi odamlar shug`ullanadi, degan ishonchim bor. Shu sabab quyida yozilganlarni o`zi yashab turgan yurt taqdiriga befarq bo`lmagan oddiy fuqaroning kuzatishlaridan ortiq baholaganlar o`z qalbining qoraligidan domangir bo`lsinlar.

Hech kimga sir emaski, rivojlangan g`arb jamiyatida siyosiy arboblarning nufuzi, reytingini baholash bo`yicha elektorat va fuqarolar orasida maxsus so`rovlar o`tkazuvchi tuzilmalar faoliyat olib borishadi. Deyarli kunda, kun ora efirga uzatilayotgan AQSh Prezidentligiga nomzodlarga nisbatan saylovchilarning har bir «praymiriz»dan keyingi kayfiyati, moyilligidagi o`zgarishlarni ko`rsatib berayotgan yangiliklar bunga yorqin misol.

Lekin, oxirgi 4 kun ichida hech kim ataylab tashkil qilmagan, hech kim o`z ixtiyori bilan ishtirok etmagan, natijasi hech qanday raqamlarda aks etmagan, va hech kimning ustunligini belgilab bermagan shunday so`rovning guvohi bo`ldikki, Olloh shohid, bunaqasini kamdan-kam ko`ramiz...

Gap nima haqida borayotganini angladingiz. Prezidentimiz Islom Karimovning betobligi el-yurt dilidagi shunday yashirin hislarni, holatlarni yuzaga chiqardiki, e`tibor qaratmaslikning o`zi ilojsiz narsa. Mana Sizu biz guvoh bo`lib turgan ba`zi misollar: Yurtimizning barcha chekkalarida, shaharu qishloqlarida millionlab onalarimizning kuniga uch karra dasturxon ustidagi yakdil duosi yurtboshimizning salomatligi bo`lib qoldi. Ko`cha-kuyda, goh bozorda, goh guzarda suhbatlar orasida guvohi bo`layotganimiz minglab odamlarning alamli ko`z-yoshlari, eng ulug`, eng aziz bayramimiz ham hech kimning ko`ngliga chinakam yorug`lik olib kira olmayotgani, yoshu qarining ko`zlariga hadik, havotir va tashvish to`lgani ham – barcha-barchasi hech bir mubolag`asiz bor gap. Bu nohush xabar barchani, ayniqsa oddiy, kamtarin hayot kechiruvchi, o`rtahol odamlarning dilini hufton qildi,

Bu shunday ijtimoiy so`rov bo`ldiki, unga deyarli hamma bir ovozdan, qat`iy javob berdi. Bu javobning nomini istasangiz “ishonch”, istasangiz “e`tiqod”, istasangiz “mehr”, istasangiz “muhabbat” deng, lekin natija o`zgarmaydi. Islom Karimov xalqning ishonchiga, suyangan tog`iga, borlig`iga aylanib bo`lganini hammamiz ko`rdik, guvohi bo`ldik.

Xalqning javobi, sobit ishonchi shu bo`ldiki, Islom Karimov haqli ravishda:

― O`zbekiston mustaqilligining asoschisi, tayanchidir.

― Mamlakatimiz xududida tinchlik va totuvlikning garovi.

― Xalq boshini bir qila olgan, maqsadlar yo`lida birlashtira olgan rahbar.

― Ko`pchilikning ko`nglini topa olgan, xalq dardini tushungan siyosiy arbob.

― Yurtimizning ijtimomiy-iqtisodiy rivojlanishi, barqaror taraqqiyoti rahnamosi.

― Elu yurtni yorug` kelajakka ishontira olgan, ruhlantira olgan etakchidir...

Men bular orasida eng muhimi xalqni birlashtirish, o`zaro yakdil va hamjihat qilish degan bo`lardim. Bu davlat rahbari o`z oldiga qo`yishi mumkin bo`lgan vazifalar orasida eng murakkabi, eng mushkuli bo`lsa ajab emas.

Yaqin o`tmishda bunday natijaga erishgan millat etakchilari barmoq bilan sanarli. Mustafo Kamol Otaturk, Jorj Vashington, Maxatma Gandi, Nelson Mandela... Darhol yodimga kelgan arboblar shular bo`ldi... Qolgani Sizdan.

So`zim so`nggida ojiz hitobim shulki, xalqimizga birlik, birdamlik ne`matini bera olgan insonga minnatdorligimizni bildirishdek burchimiz ham qiyomat qarz bo`lib qolmasin.

Azizlar, keling, shu mushtipar halqimiz, qalbi buloq suvidek pok, bag`ri dalalaridek keng, sodda, tanti O`zbegim haqqi-hurmati, duoda bo`laylik! Ilohim, yaratgan uning iltijosini, o`tinchini, pok niyatini javobsiz qoldirmasin, noumid qilmasin!

Rahimberdi Mamayusupov
Manba: Sharh.uz

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!