O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov vafot etdi

22:08, 02 sentabr

O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI VA O`ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING AXBOROTI

          Aziz vatandoshlar,

          Yuragimizda chuqur qayg`u bilan barchamiz uchun qadrli bo`lgan Prezidentimiz Islom Abdug`anievich Karimov vafot etganini ma`lum qilamiz. Islom Abdug`anievich 2016 yil 2 sentyabrda Toshkent shahrida bosh miyada qayta tiklanmaydigan o`zgarishlarga va poliorgan etishmovchiligiga olib kelgan miya qon aylanishining o`tkir buzilishi (insult) oqibatida vafot etdi.

          Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov haqiqatan buyuk tarixiy shaxs edi. Islom Karimovning qat`iyati va jasorati bilan respublikamiz mustaqillikka erishdi va o`z taraqqiyot yo`lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo`lga kiritdi. Yosh davlatimiz uchun g`oyat murakkab va mas`uliyatli davrda vaziyat beqarorlashuvining oldi olingani va xalqimizning urush dahshatlarini ko`rmasdan eson-omon o`tishi bevosita Islom Karimov nomi bilan bog`liq.

        Xalqimizning cheksiz muhabbatini qozongan, mustaqil mamlakatimizning Birinchi Yo`lboshchisi Islom Abdug`anievich Karimov qalblarimizda abadiy qoladi va kelajak avlodlar xotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot rahnamosi, buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashaydi.

          Barchamiz uchun qadrli bo`lgan Prezidentimizning vasiyatiga ko`ra, Islom Karimov shu yil 3 sentyabrda ota-onasi mangu qo`nim topgan ona shahri Samarqandda musulmon urf-odatlariga binoan dafn etiladi.

          O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bilan vidolashuv marosimi 2016 yil 3 sentyabrda Samarqand shahrida bo`lib o`tadi.

          Biz barchamiz uchun o`ta og`ir judolik munosabati bilan marhumning oila a`zolari va butun O`zbekiston xalqiga chuqur hamdardlik bildiramiz.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi                                                                     

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi        

 

Islom Abdug`anievich Karimovning kasalligi va vafoti sabablari to`g`risida tibbiy xulosa

         Bemor I.A.Karimov, 78 yoshda, 27 avgust kuni ertalab soat 09.00 da hushsiz holatda zudlik bilan O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi Tibbiyot-sanitariya birlashmasining Markaziy klinik shifoxonasiga olib kelindi.

         O`tkazilgan tekshiruvlar, jumladan, bosh miya kompyuter tomografiyasi bemorda bosh miya qon aylanishi o`tkir buzilishi subaraxnoidal qon quyilish asorati bilan (insult) aniqlandi. Arterial qon bosimi 250/120 mm. simob ustuniga teng. Bemorda yurak faoliyatining to`xtashi kuzatildi. 20 daqiqa davomida olib borilgan reanimasion muolajalar natijasida yurak faoliyatini tiklashga erishildi. Bemor miya o`zagi faoliyati buzilishi oqibatida atonik koma holatiga tushdi va sun`iy nafas olish apparatiga o`tkazildi.

         27 avgustdan 28 avgustga o`tar kechasi bemor etakchi xorijiy klinikalarining neyroxirurglari, kardiolog va reanimatologlari – A.N.Bakulev nomidagi Yurak-tomir xirurgiyasi ilmiy markazi direktori, akademik L.Bokeriya, N.N.Burdenko nomidagi neyroxirurgiya ilmiy markazi direktori, akademik A.A.Potapov (Rossiya), Gannover xalqaro neyroxirurgiya institutining vise-prezidenti va ijrochi direktori, professor Amir Sami (Germaniya), Kardiotorakal markaz direktori, professor Jilli Dreyfus (Monako), Xeydelberg universiteti klinikasining kardiologiya bo`limi rahbari, professor Xyugo Katus (Germaniya), Xelsinki universiteti Markaziy gospitalining neyroxirurgiya bo`limi professori Yuka Xernisniemi (Finlyandiya) tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazildi.

         O`zbekiston mutaxassislari bilan hamkorlikda o`tkazilgan konsilium natijasida keyingi davolash rejasi belgilab olindi.

         Bemorning nevrologik holati avval boshdan atonik koma sifatida qayd etildi. Nevrologik statusda diffuz mushak atoniyasi, arefleksiya kuzatildi. Bemorga uch marotaba dinamik elektroensefalografik tekshiruv o`tkazilib, unda bosh miyaning bioelektrik faolligining susayishi aniqlandi.

         O`tkazilgan intensiv terapiya jarayonida bemorning ichki a`zolari (qon tomir, nafas olish, qon ivish tizimlari, buyrak va jigar) faoliyatining asta-sekin buzilishi – poliorgan etishmovchiligi kuzatildi.

         Yuqorida qayd etilgan to`liq hajmdagi diagnostika-davolash muolajalari va intensiv terapiya chora-tadbirlari o`tkazilganiga qaramasdan 2016 yil 2 sentyabr kuni soat 20.15 da yurak faoliyati to`xtadi.

         Amalga oshirilgan intensiv reanimasiya tadbirlari natija bermadi va bemorda soat 20.55 da biologik o`lim holati qayd etildi.

         Sog`liqni saqlash vaziri                                      A.Alimov

        

         O`zbekiston Fanlar akademiyasi
         akademigi, professor                                           Sh.Karimov

        

         Tibbiyot fanlari doktori,
         professor                                                               V.Avakov

        

        Tibbiyot fanlari doktori,
         professor                                                                B.G`afurov

 

        Tibbiyot fanlari doktori,
        professor                                                                G`.Qoriev

 

        Tibbiyot fanlari doktori,
        professor                                                                R.Qurbonov

 

         Tibbiyot fanlari doktori,
         professor                                                                K.Mahkamov

 

         Tibbiyot fanlari doktori,
         shaxsiy shifokor                                                     P.Chernish

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!