O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov

13:46, 03 sentabr

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov Vatanimiz, butun o`zbek xalqi o`ta og`ir judolikka uchradi. Buyuk davlat va siyosat arbobi, O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov shu yil 2 sentyabr kuni og`ir kasallikdan so`ng vafot etdi. 

Islom Abdug`anievich Karimov 1938 yil 30 yanvarda Samarqand shahrida xizmatchi oilasida tug`ildi. O`rta Osiyo politexnika instituti va Toshkent xalq xo`jaligi institutini muhandis-mexanik va iqtisodchi mutaxassisliklari bo`yicha tugatdi. 

Mehnat faoliyatini 1960 yilda Toshkent qishloq xo`jalik mashinasozligi zavodida boshladi. 1961 yildan 1966 yilgacha Toshkent aviasiya ishlab chiqarish birlashmasida muhandis, etakchi muhandis-konstruktor bo`lib ishladi. 

1966 yilda O`zbekiston SSR Davlat plan komitetiga ishga o`tib, mutaxassislikdan Respublika Davlat plan komiteti raisining birinchi o`rinbosari lavozimigacha bo`lgan yo`lni bosib o`tdi. 

Islom Abdug`anievich Karimov 1983 yilda O`zbekiston SSR Moliya ministri, 1986 yilda O`zbekiston SSR Ministrlar Soveti Raisining o`rinbosari, Respublika Davlat plan komitetining raisi etib tayinlandi. 

U 1986-1989 yillar mobaynida Qashqadaryo viloyati partiya komitetining birinchi kotibi lavozimida ishlab, o`zining katta rahbarlik va tashkilotchilik qobiliyati, fidoyiligi va qat`iyati, el-yurt dardini, odamlarning tashvish va muammolari, ularning talab va manfaatlarini yurakdan his qilishi bilan g`oyat og`ir ijtimoiy-iqtisodiy ahvolga tushib qolgan viloyatdagi vaziyatni qisqa vaqt ichida tubdan o`zgartirishga erishdi. 

Islom Abdug`anievich Karimov 1989 yilning iyunidan O`zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi etib saylandi. 

O`sha paytda respublikamiz fuqarolar urushi, qon to`kish, millatlar va konfessiyalararo mojarolar yoqasida turgan edi. Voqealarning xuddi shunday rivoji qo`shni mamlakatlarda amalga oshirilgan edi. Ana shunday o`ta og`ir davrda u o`zining voqealarni oldindan ko`ra bilish qobiliyati, kuchli irodasi va qat`iyati bilan xalqimiz va mamlakatimizni shunday achinarli qismatdan saqlab qoldi. 

Aynan o`sha davrda xalqimiz Islom Abdug`anievich Karimov timsolida mard, bukilmas iroda egasi va sodir bo`layotgan favqulodda murakkab hodisalarning mohiyatini davlat manfaatlari nuqtai nazaridan ko`ra oladigan, o`z Vatani va xalqi, har bir yurtdoshining taqdiri uchun alohida mas`uliyatni his eta oladigan haqiqiy rahbarga ega bo`ldi. 

1990 yil 24 mart kuni O`zbekiston SSR Oliy Kengashining sessiyasida Islom Abdug`anievich Karimov O`zbekiston SSR Prezidenti etib saylandi. 1991 yil 29 dekabrda muqobillik asosida o`tkazilgan umumxalq saylovida O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti etib saylandi. 

Islom Abdug`anievich Karimov 25 yil davomida mustaqil O`zbekistonni boshqarib, ochiq fuqarolik jamiyati va bozor iqtisodiyotiga asoslangan huquqiy demokratik davlat qurishning chuqur o`ylangan strategiyasini ishlab chiqqan va uni amalga oshirgan buyuk davlat arbobi sifatida mamlakatimizda va xalqaro maydonda yuksak obro`-e`tibor qozondi. 

O`zbekistonning suvereniteti va mustaqilligini saqlash va mustahkamlash Prezident Islom Karimov uchun hamisha eng oliy ustuvor vazifa bo`lib keldi va u olib borgan siyosatning asosiy o`zak tamoyili bo`lib qoldi. 

O`zbekiston xalqi istiqlol yillarida erishilgan barcha olamshumul yutuqlar va natijalarni mamlakatimizning Birinchi Prezidenti nomi va faoliyati bilan uzviy bog`liq deb biladi. 

U haqli ravishda demokratik talablar va xalqaro mezonlarga to`la javob beradigan O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining muallifi bo`lib, uni hayotga amaliy jihatdan tatbiq etishning haqiqiy kafolatiga aylandi. 

1991 yilda O`zbekiston paxta yakkahokimligining halokatli ta`siri oqibatida iqtisodiyoti biryoqlama, mo`rt va nochor rivojlangan, aholining hayot darajasi g`oyat achinarli ahvolga tushib qolgan qoloq agrar mamlakat edi. Respublika hayotiy muhim tovarlarning ko`pgina turlarini, birinchi navbatda g`alla va energiya resurslari bo`yicha mahsulotlarni o`zida ishlab chiqarmas va bu boradagi o`z ehtiyojlarini ta`minlay olmas edi.

Islom Abdug`anievich Karimov iqtisodiy mustaqillikka erishmasdan turib, siyosiy mustaqillikni ta`minlash mumkin emas, degan fikrning qat`iy tarafdori edi. Aynan shuning uchun ham Yurtboshimiz tomonidan mashhur besh tamoyil asosida butun dunyoda taraqqiyotning “o`zbek modeli” deb e`tirof etilgan O`zbekiston iqtisodiyotini tubdan isloh etish va tarkibiy o`zgarishlarni amalga oshirish dasturi ishlab chiqildi. Bu modelning tub negizini “Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun” degan strategik yo`nalishni amalga oshirish tashkil etadi. 

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan O`zbekistonda keng ko`lamli tarkibiy islohotlar amalga oshirildi, neft kimyosi, kimyo, avtomobil sanoati, qishloq xo`jaligi va temir yo`l mashinasozligi, farmasevtika, elektrotexnika, to`qimachilik sanoati, zamonaviy qurilish materiallari sanoati kabi yuqori texnologiyalarga asoslangan mutlaqo yangi sanoat tarmoqlariga asos solindi. 

Ustyurt va Sho`rtan gaz-kimyo majmualari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, Qo`ng`irot soda zavodi, Dehqonobod kaliyli o`g`itlar korxonasi, Andijon, Samarqand, Toshkent va Xorazm viloyatlaridagi avtomobil zavodlari singari dunyo miqyosidagi noyob sanoat ob`ektlari barpo etildi. 

Respublikamizda zamonaviy yo`l-transport va muhandislik-kommunikasiya infratuzilmalari, jumladan, Qamchiq tog` dovoni orqali o`tadigan noyob tunnelni o`z ichiga olgan Angren – Pop temir yo`l tarmog`i, Toshguzar – Boysun – Qumqo`rg`on temir yo`li bunyod etildi. Toshkentdan Samarqand, Buxoro va Qarshi shaharlari yo`nalishlari bo`yicha yuqori tezlikda harakatlanadigan poezdlar qatnovi yo`lga qo`yildi, xalqaro aeroportlar modernizasiya qilindi, “Navoiy” aeroporti negizida xalqaro logistika markazi tashkil etildi va O`zbek milliy avtomagistrali qurilishi yakuniga etkazildi. 

O`zbekistonning dunyoda eng jadal sur`atlar bilan rivojlanib borayotgan iqtisodiyotga ega bo`lgan beshta davlat qatoridan joy olgani Prezident Islom Abdug`anievich Karimov tomonidan olib borilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo`ldi. 

Islom Abdug`anievich Karimov qishloq xo`jaligidagi chuqur o`zgarishlarni amalga oshirish, erning haqiqiy egasi bo`lgan yangi mulkdorlar sinfi – fermerlik harakatini shakllantirishning tashkilotchisi edi. Uning tashabbusi bilan jahon amaliyotida o`xshashi bo`lmagan, qishloqlar qiyofasini tubdan o`zgartirishga qaratilgan, qishloq ahlining hayot darajasi va sifatini shahardagidan kam bo`lmasligini ta`minlaydigan namunaviy uy-joylar qurish dasturi amalga oshirilmoqda. 

Islom Abdug`anievich Karimov Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo`mondoni sifatida O`zbekiston Respublikasining mustaqilligini, uning hududiy yaxlitligi va sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo`lgan zamonaviy Qurolli Kuchlarni tubdan isloh etish, ularning jangovar salohiyati va qudratini oshirishni ta`minladi. 

U tub negizida boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik va vujudga kelayotgan qarama-qarshilik va mojarolarni faqatgina tinch, siyosiy yo`l bilan hal etishga asoslangan tinchlikparvar siyosat mujassam bo`lgan O`zbekiston Respublikasining Tashqi siyosat konsepsiyasini ishlab chiqdi va amalga oshirdi. Davlatimiz rahbari mintaqamizda va butun dunyoda tinchlik va barqarorlikni saqlashga ulkan hissa qo`shdi. 

Islom Abdug`anievich Karimovning tashabbusi asosida, eski qolip va mezonlardan butunlay voz kechgan holda, keng miqyosdagi Kadrlar tayyorlash milliy dasturi, ta`lim-tarbiya tizimini eng zamonaviy xalqaro standartlar bo`yicha tubdan o`zgartirishga qaratilgan islohotlar dasturi ishlab chiqildi va hayotga joriy etildi. 

Islom Abdug`anievich Karimov mamlakatimizning bugungi va ertangi kunining hal qiluvchi kuchiga aylanib borayotgan yoshlarimizning ongu tafakkuri va dunyoqarashini butunlay o`zgartirgan, navqiron avlodni tarbiyalab voyaga etkazishning yangi prinsipial tizimini tashkil qilish va uni hayotga joriy etish ishlariga bevosita rahbarlik qildi. 

Mamlakatimiz rahbari milliy-ma`naviy qadriyatlarimizga hurmat-ehtirom bilan munosabatda bo`lish, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, bebaho tarixiy merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirishni davlat siyosati darajasiga ko`tardi, xalqaro maydonda O`zbekistonning obro`-e`tiborini oshirishga katta hissa qo`shdi.

U fuqarolik jamiyati institutlari, avvalo, mahallaning davlat va jamiyat boshqaruvidagi nufuzini oshirish, ularning vakolat va huquqlarini kengaytirish masalasiga alohida e`tibor qaratdi. 

Islom Abdug`anievich Karimovning poytaxtimiz Toshkent shahri, mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlari qiyofasini zamonaviy me`morlik talablari asosida tubdan o`zgartirish borasidagi keng ko`lamli bunyodkorlik ishlarini el-yurtimiz yaxshi biladi va yuksak qadrlaydi. 

Islom Abdug`anievich Karimov suveren va mustaqil O`zbekistonni barpo etish, xalqparvar demokratik huquqiy davlat yaratish, fuqarolar tinchligi va milliy totuvlikni ta`minlash ishiga qo`shgan ulkan hissasi hamda bu borada matonat va jasorat ko`rsatgani uchun O`zbekiston Qahramoni unvoni, «Mustaqillik» va Amir Temur ordenlari bilan taqdirlangan. 

Islom Abdug`anievich Karimov O`zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a`zosi edi. Ayni vaqtda u iqtisodiyot, ilm-fan, ta`lim-tarbiyani rivojlantirishga qo`shgan ulkan hissasi uchun ko`plab xorijiy mamlakatlar universitet va akademiyalarining faxriy fan doktori hamda akademigi etib saylangan. Shuningdek, u bir qancha xorijiy davlatlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning faxriy unvon, orden va medallari bilan ham mukofotlangan edi. 

Islom Abdug`anievich Karimov o`z xalqini cheksiz mehr-muhabbat bilan sevar edi va o`zining so`nggi kunlariga qadar butun hayotini O`zbekistonga xizmat qilishga bag`ishladi. 

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, o`zbek xalqining buyuk farzandi Islom Abdug`anievich Karimovning so`nmas xotirasi barcha minnatdor yurtdoshlarimizning, butun xalqimizning qalbida abadiy saqlanib qoladi. 

Sh.M.Mirziyoev, N.T.Yo`ldoshev, N.M.Ismoilov, R.R.Inoyatov, R.S.Azimov, D.A.Nazarmuhamedov, X.M.Sultonov, Sh.I.Solihov, I.M.Mirzaaliev

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!