O`zbekistondagi barcha ta`lim muassasalarida Islom Karimov xotirasiga bag`ishlangan “Xotira darslari” bo`lib o`tdi

10:37, 05 sentabr

Mamlakatimizdagi barcha ta`lim maskanlarida 4 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasiga bag`ishlangan «Xotira darslari» bo`lib o`tdi. Bu haqda O`zA xabar bermoqda

Ulug` rahbarimizning Vatan ravnaqi, xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlarini yodga olish maqsadida tashkil etilgan mazkur darslarda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining mutasaddilari, professor-o`qituvchilar, ma`naviyat targ`ibotchilari, tarixchi olimlar, yozuvchi va shoirlar ishtirok etdi. 

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod kamoloti yo`lida muntazam g`amxo`rlik ko`rsatganini butun jahon jamoatchiligi e`tirof etmoqda. Yurtboshimizning xotirasini aziz va muqaddas bilish, istiqlol yillarida mamlakatimizda navqiron avlodning porloq kelajagi yo`lida yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni qadrlashga o`rgatish, yoshlar qalbidagi Vatanga muhabbat, yurtparvarlik tuyg`usini mustahkamlash keng jamoatchilik, ta`lim fidoyilari, ota-onalar zimmasidagi eng mas`uliyatli vazifadir. 

Islom Karimov mustaqil O`zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni sobiq mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, butun jahonda «o`zbek modeli» degan nom bilan tan olingan rivojlanish yo`lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro`-e`tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida mangu qoladi. Xalqimiz o`zining tarixan qisqa muddat – 25 yilda erishgan barcha yutuq va marralarini haqli ravishda Prezident Islom Karimov nomi bilan bog`laydi va shu ulug` insonning xizmatlari, deb biladi. 

O`quvchilar Prezidentimizning tarjimai holi bilan tanishtirilgach, maxsus monitorda namoyish etilgan filmda Islom Karimovning O`zbekiston mustaqilligining asoschisi, mamlakat mustaqil taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan va milliy taraqqiyot yo`lini belgilab bergan atoqli davlat arbobi, yurtimizda amalga oshirilgan ulkan islohotlar, tarixiy o`zgarishlarning tashabbuskori va rahnamosi sifatidagi xizmatlari haqida so`z yuritildi. 

Mustaqilligimizning ma`naviy asoslarini yaratish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, ijtimoiy-iqtisodiy jabhalardagi tub islohotlar, dunyo mamlakatlari bilan teng huquqli hamkorlik, Qurolli Kuchlarimizning qudratini oshirish yo`lidagi ishlar bevosita Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirildi. Prezidentimizning uzoqni ko`zlagan dono siyosati, matonati, jasorati bilan O`zbekiston tinchlik va osoyishtalik barqaror, turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o`zaro hamjihat, ahil va totuvlikda istiqomat qilayotgan mamlakatga aylandi. 

Mamlakatimizning barcha ta`lim maskanlarida bo`lgani kabi akademik lisey va kasb-hunar kollejlarida o`tgan «Xotira darslari»da ham Birinchi Prezidentimizning jonajon Vatanimiz buyuk kelajagi, tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yo`lidagi fidokorona mehnatlari haqida hikoya qilindi. 

Mashg`ulotlar jarayonida keltirilgan fakt va raqamlar O`zbekistonda istiqlol yillari erishilgan ulkan yutuqlar haqida hikoya qiladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Bolalar sportini rivojlantirish jamg`armasi, uch bosqichli sport musobaqalari tizimi tashkil etildi. Jamg`arma mablag`lari hisobidan joylarda 300 ga yaqin bolalar musiqa va sport maktabi, 1 ming 900 dan ziyod sport inshooti bunyod etildi. So`nggi 10 yilda bolalar va o`smirlarning sport bilan muntazam shug`ullanish darajasi 30 foizdan 57 foizga, qizlar o`rtasida 24 foizdan 47 foizga etdi. 

12 yildan beri mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot o`sishi ko`rsatkichi sakkiz foizdan ziyod bo`lib kelmoqda. 
  
«Xotira darslari» mamlakatimizdagi barcha ta`lim muassasalarida bo`lib o`tdi. Yurtga fidoyilik, vatanparvarlik, odamiylik, ibrat saboqlariga aylangan ushbu darslarda O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining porloq xotirasi barcha o`g`il-qizlarning yodida mangu saqlanib qolishi, ular Vatanimizni, mustaqilligimizni ko`z qorachig`idek asrab-avaylashi, tinch va osoyishta kunlarning qadriga etishi, yurtimizdagi hamjihatlik muhitini mustahkamlashi – bu barcha yurtdoshlarimiz kabi yoshlarning ham burchi ekani alohida ta`kidlandi

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!