Samvel Babayan: Biz har bir o`yinda g`alaba uchun harakat qilishimiz kerak

09:02, 06 sentabr

Jahon chempionati-2018 saralashining uchinchi bosqichi ikkinchi tur o`yinlari doirasidagi Qatar – O`zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Anjumanning dastlabki qismida O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, o`yinoldi fikrlari bilan o`rtoqlashdi, deya ma`lum qilmoqda O`FF. 

“Jahon chempionati saralashi doirasida ertaga bizni jiddiy o`yin kutib turibdi. Qatar terma jamoasi tarkibida saviyali futbolchilar anchagina. Raqib o`yinini yaxshi o`rgangan holda, ertangi asosiy vazifamiz o`zimizning eng yaxshi o`yinimizni namoyish qilishdan iboratdir”, deya so`z boshladi Samvel Babayan.

“Birinchi turda biz haqiqatdan ham qiyin o`yin o`tkazdik. Bir qancha vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Qatar terma jamoasi o`yiniga kelsak, ular Eron bilan o`yinda kamida bir ochkoni qo`lga kiritishlari lozim edi. Raqibdan hech bir jihatda kuchsiz bo`lmadi. Ba`zi vaziyatlarda Erondan yaxshiroq harakat qildi. Ammo futbolda xatolar ko`p narsani hal qiladi. O`sha o`yinda ham shunday bo`ldi. Ertangi o`yin haqida to`xtalsak, biz har bir o`yinda g`alaba uchun harakat qilishimiz kerak. Umid qilamanki, jamoa futbolchilari yuqori professionalizm namoyish etib, eng yaxshi o`yinini namoyish etadi”.

“Biz raqibni yaxshi o`rganib chiqdik. Ular o`tkazgan rasmiy va o`rtoqlik o`yinlarini ko`rdik. Bu juda saviyali jamoa. Har qanday jamoa ham so`nggi daqiqalarda gol o`tkazib yuborishi mumkin. Eronga qarshi o`yinning so`nggi daqiqalarida gol o`tkazib yuborgani bu jamoaning zaif ekanini ko`rsatmaydi. Ammo biz asosiy e`tiborimizni o`z o`yinimizga qaratamiz”, – dedi O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!