Haj ibodatiga yo`l olgan ziyoratchilarimizning oxirgi guruhi Madinaga etib keldilar

12:01, 06 sentabr

O`zbekistondan Haj ibodatiga yo`l olgan ziyoratchilarimizning oxirgi guruhi ham Toshkent - Madina yo`nalishi bo`ylab Madinai munavvaraga sog` va salomat etib keldilar. 

Hozirda Makka va Madinada bo`lib turgan hojilarimiz hajning asosiy arkonlarini ado etish uchun tayyorgarlik ko`rmoqdalar, deya xabar beradi Din ishlari bo`yicha qo`mita matbuot xizmati. Ma`lumki, Zulhijja oyining 8-kuni ziyoratchilarimiz Mino vodiysiga yo`l oladilar. Mino vodiysi Makkadan 5-6 km masofada joylashgandir. 9-kuni esa, hajning farzlaridan biri Arafot vodiysida hozir bo`lib turadilar. Bu erda Hajning vojib amallaridan biri — shaytonga tosh otish bajariladi. Bu maskanda hojilar bir muddat dunyo hoyu-havaslarini unutishga harakat qiladilar. 

O`zbekistonlik hojilarimiz ham Zulhijja oyining sakkizinchi tunida hajni niyat qilib, mehmonxonada ehromga kiradilar. Hammaning kiyimi bir xil ikki parcha oq matodan iborat bo`lib, Alloh taolo oldida o`zining xokisorligini izhor etadi. Shundan so`ng, yurtdoshlarimiz yana Mino vodiysiga yo`l oladilar. U erda o`zlariga ajratilgan chodirlarga joylashib, duo va ibodat bilan mashg`ul bo`ladilar. Mufassirlar Qur`oni karimdagi “Sanoqli (ma`lum) kunlarda Allohni (ko`proq) zikr qilingiz!” (Baqara surasi, 203-oyat) oyati karima Zulhijja oyining Mino vodiysida turiladigan kunlariga ishora borligini tafsir qilishgan. Shuning uchun bu erda qilingan ibodatlarning savobi ulug` va duolari mustajobdir. Bundan tashqari, hojilar ulamolarimiz tomonidan qilingan mav`izalarni zavq bilan tinglab, qalblari taqvo bilan ziynatlanadi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!