Ruslan Nurudinov: “Prezidentimizning duosini olish armon bo`lib qoldi”

14:34, 06 sentabr

Mustaqilligimiz asoschisi, O`zbekiston Respublikasi Islom Karimov xotirasi xalqimizning qalbida mangu yashaydi. Butun xalqimiz Prezidentimiz vafotidan chuqur qayg`uda, deb yozadi O`zA.

Ruslan Nurudinov, og`ir atletika bo`yicha Osiyo va jahon chempioni, Olimpiya o`yinlari g`olibi: 

– Yurtboshimiz Islom Karimovdek xalqparvar, bolajon, yoshlarni “Mening farzandlarim!” deb bag`riga bosib, cheksiz mehr-muhabbatini namoyon etadigan rahbar kam bo`lsa kerak. 

Men mamlakatimiz mustaqilligi e`lon qilingan 1991 yili tug`ilganman. Mustaqil davlatimiz bilan birga o`sdim, ulg`aydim. Mana shu o`tgan yigirma besh yilda men va men kabi barcha tengdoshlarim Prezidentimizning ulkan mehri va g`amxo`rligi og`ushida voyaga etdik. Nimani niyat qilsak, qalbimizda qanday ezgu maqsad bo`lsa, barchasiga erishayapmiz. Bu mamlakatimizda zamonaviy ta`lim olishimiz, jismoniy tarbiya va sport bilan shug`ullanishimiz, o`z iqtidor va salohiyatimizni namoyon etishimiz uchun yaratilgan keng imkoniyatlar natijasidir. 

Yaqinda Braziliyada o`tgan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlarida oltin medalni qo`lga kiritib, Olimpiada rekordini yangiladim. Yurtboshimiz bu yutug`imni yuksak baholab, 2016 yil 24 avgustdagi farmoni bilan meni “El-yurt hurmati” ordeniga munosib ko`rdi. 

Shohsupaning eng yuqori pog`onasiga ko`tarilar ekanman, Prezidentimiz ishonchini oqladim, yuzim yorug` bo`ldi, endi Islom bobomiz bilan ko`rishganda, musobaqada dunyoning manaman degan davlat vakillari bilan bellashdim, mening g`alaba qozonishimda Sizning “Marrani baland oling, aziz farzandlarim! O`zbekiston yoshlari hech kimdan kam emas va hech qachon kam bo`lmaydi” degan da`vatingiz katta kuch berdi deyman, duosini olaman, deb niyat qilgandim. Afsuski, armon bo`lib qoldi... 

Yurtboshimizning bu da`vatlari yuragimizdan hech qachon o`chmaydi va bizni yanada yuksak g`alabalar sari ilhomlantiraveradi. Prezidentimiz xotirasi qalbimizda abadiy yashaydi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!