Bektemir Meliqo`ziev: “Sen albatta chempion bo`lishing kerak, degan edi...”

15:41, 06 sentabr

Boks bo`yicha o`smirlar o`rtasida Osiyo va jahon chempioni, II o`smirlar Olimpiadasi g`olibi, kattalar o`rtasida Osiyo chempioni, jahon chempionati va Olimpiya o`yinlari sovrindori Bektemir Meliqo`ziev Prezident Islom Karimovni xotirladi:  

– Prezidentimizning biz, yoshlarga ko`rsatgan ulkan e`tibor va g`amxo`rligi, bildirgan yuksak ishonchini hech qachon unutmaymiz. Biz bu ishonchni doim oqlashga, yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda o`z salohiyatimizni namoyon etib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo`shishga intilaveramiz. 

Meni va tengqurlarimni Prezidentimiz asos solgan uch bosqichli uzluksiz sport musobaqalari tarbiyaladi, iste`dodimizni yuzaga chiqardi. Sportdagi faoliyatimizda yuksak natijalarga erishishimizda muhim omil bo`lib xizmat qildi. 

Vatanimiz mustaqilligining 24 yilligi arafasida Prezidentimiz farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. 2015 yili Konstitusiya bayrami arafasida bo`lib o`tgan bir guruh yurtdoshlarimizga Vatanimizning yuksak mukofotlarini topshirishga bag`ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz meni bag`riga bosib, “Sen Braziliyada bo`ladigan Olimpiya o`yinlarida chempion bo`lishing kerak!” deya yuksak ishonch bildirgan edi. 

Braziliyada o`tgan Olimpiadada kumush medalni qo`lga kiritgan bo`lsam-da, Prezidentimiz bu yutug`imni yuksak baholadi. Men Prezidentimizning 2016 yil 24 avgustdagi farmoniga binoan “O`zbekiston iftixori” faxriy unvoni bilan taqdirlandim. 

Prezidentimiz Islom Karimovning otalarcha mehri va g`amxo`rligini hech qachon unutmaymiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!