Shavkat Mirziyoev «Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti Reymond Konner bilan uchrashdi

22:09, 07 sentabr

O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Shavkat Mirziyoev 2016 yil 7 sentyabrda «Boing – fuqaro samolyotlari» kompaniyasi prezidenti Reymond Konnerni qabul qildi. 

O`zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug`anievich Karimov vafoti munosabati bilan R.Konner «Boing» kompaniyasi nomidan O`zbekiston hukumati va xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi, deya xabar beradi O`zA. 

«Boing» kompaniyasi bilan fuqaro aviasiyasi sohasida erishilgan yuqori darajadagi o`zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlik mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qo`shma loyihalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlaganining samarasi ekani ta`kidlandi. 

Bugun «Boing» kompaniyasi O`zbekistonning yo`lovchi tashiydigan zamonaviy samolyotlar etkazib berish, ulardan foydalanish va xizmat ko`rsatish borasidagi ishonchli hamkoridir. «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi ayni paytda 15 ta «Boing» samolyotidan foydalanmoqda. Milliy aviakompaniyamiz tomonidan amalga oshirilayotgan barcha tashuvlarning yarmidan ko`pi aynan ushbu havo laynerlari hissasiga to`g`ri kelmoqda va bu aviakompaniyamizning mintaqadagi yirik hamda jadal rivojlanayotgan aviakorxonalardan biri sifatidagi o`rnini mustahkamlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. 

Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida milliy aviakompaniyamiz samolyotlari safiga eng zamonaviy va shinam «Boing-787 Drimlayner» havo kemasi ham qo`shildi. Mazkur layner shu yilning 5 sentyabridan Urganch, Buxoro va Nukus shaharlariga dastlabki parvozlarni amalga oshirgan bo`lsa, kelgusi haftadan xalqaro aviayo`nalishlarga qatnay boshlaydi. Joriy yilning noyabr oyida esa O`zbekistonga ikkinchi «Drimlayner» keltiriladi. 

Mamlakatimizda, jumladan, milliy aviakompaniyamiz o`quv-mashg`ulot markazini kompleks trenajyor uskunalari bilan ta`minlash orqali uchuvchi va mutaxassislar tayyorlash bo`yicha hamkorlikda samarali ishlar olib borilayotir. 

Shu yilning yanvar oyida yangi qo`shma loyiha – «O`zbekiston Eyrveyz Tekniks» aviakorxonasi bazasida zamonaviy samolyotlar konstruksiyasining yirik kompozit materiallarini ta`mirlash bo`yicha mintaqaviy markaz ishga tushirildi. 

Reymond Konner qo`shma loyihalar qo`llab-quvvatlanayotgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi va u rahbarlik qilayotgan kompaniya o`zbekistonlik hamkorlar bilan o`zaro manfaatli hamda samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ta`kidladi.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!