Yagona portal orqali murojaatlarni yuborishda elektron raqamli imzodan foydalanish majburiy bo`ladi

12:41, 08 sentabr

O`zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi qonuniga asosan, elektron murojaatlarni Yagona portal orqali yuborishda elektron raqamli imzo (ERI)dan foydalanish majburiyligi belgilab qo`yilgan.

Jismoniy shaxslar tomonidan ERI olish jarayonini soddalashtirish maqsadida, O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasining Yangi texnologiyalar ilmiy-axborot markazining “Elektron raqamli imzoni olish uchun ariza yuborish” yangi interaktiv xizmati ishga tushurildi.

Ishga tushirilgan xizmatga muvofiq, jismoniy shaxslar arizani yuborganidan va ERI uchun to`lovni amalga oshirganidan boshlab 5 kun ichida arizaning ko`rib chiqilganligi bo`yicha ijobiy yoki salbiy natija haqida Yagona portaldagi “Foydalanuvchi kabineti”ga xabarnomani qabul qiladi. Ijobiy natija olinganida, jismoniy shaxslar pasportining asl nusxasi va USB flesh-kartasi bilan yaqin oradagi tuman Davlat soliq inspeksiyasiga soat 9:00 dan 18:00 gacha dushanbadan jumagacha ERI sertifikati va kalitini olib ketish uchun tashrif buyurishlari lozim.

Jismoniy shaxslarga qulaylik yaratish maqsadida to`lovni Click va U-Pay to`lov tizimlaridan foydalangan holda amalga oshirish belgilab qo`yilgan. Eslatib o`tamiz, ariza yuborilganidan boshlab 3 kun davomida ERI kalitini olish uchun to`lov amalga oshirilishi shart, aks holda arizani ko`rib chiqish rad etiladi. To`lov miqdori to`lov amalga oshiriladigan kunga muvofiq eng kam ish haqining 10% ini tashkil qiladi.

Shu bilan birga, 2016 yilning 12 sentyabridan boshlab Yagona portal orqali murojaatlarni yuborishda ERIdan foydalanish majburiyligini ma`lum qilamiz.

Диққат, диққат! "Даракчи"нинг Telegram’даги расмий каналига аъзо бўлиб, янгиликлардан баҳраманд бўлинг!